Zamonaviy, sifatli, xaridorgir
Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida ilg‘or arxitektura yechimlaridan foydalangan holda zamonaviy va ko‘rkam bino-inshootlar qurilib, mavjudlari rekonstruksiya qilinmoqda. Yuqori texnologiyali qurilish materiallariga bo‘lgan talab ham shunga monand ortayotir.
Mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar soni ham yildan-yilga ko‘paymoqda. Ayni paytda 6 mingdan ziyod korxona shu yo‘nalishda faoliyat yuritmoqda. Yiliga 10 million kvadrat metr oyna tayyorlovchi “Kvars”, 60 ming tonna quruq qurilish qorishmalari ishlab chiqaruvchi “Buxorogips”, 20 million kvadrat metr gipsokarton tayyorlash quvvatiga ega “Knauf Gips Buxoro”, 3,5 million kvadrat metr sopol plitkalari ishlab chiqaruvchi “Moderna Ceramic Industries Fergana” kabi korxonalar shular jumlasidandir.
Farg‘ona shahridagi “Moderna Ceramic Industries Fergana” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Xitoy va Italiya texnologiyalari asosida tayyorlanayotgan mahsulotlar ayni paytda qo‘shni mamlakatlarga eksport ham qilinmoqda. 2016-yil ish boshlagan qo‘shma korxonada 150 nafar yosh ish bilan ta’minlangan.
– Chet el investitsiyalari va zamonaviy texnologiyalarni keng jalb etish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar ishlab chiqarishni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etayotir, – deydi qo‘shma korxona ijrochi direktori Dilmurod Ahmedov. – Yosh va malakali mutaxassislarimiz ishlab chiqarilayotgan 150 dan ortiq turdagi devorbop va polbop mahsulotlar dizayniga alohida e’tibor qaratmoqda.
Farg‘ona viloyatida 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida sanoat yo‘nalishida 752 loyiha amalga oshirildi. Yangi sanoat korxonalari ishga tushirilishi, mavjudlarida ishlab chiqarish modernizatsiya va diversifikatsiya qilinishi hisobidan 8 trillion 103 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Farmatsevtika, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish sohalarida loyihalarni ishga tushirish hisobidan ko‘plab yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.