Yuqori sifat, zamonaviylik va qulay narx – korxona shiori

2016-yil sentabr oyida Moskvada o‘tkazilgan “To‘qimachilik va yengil sanoat – 2016” to‘qimachilik va yengil sanoat mahsulotlari, texnika va texnologiyalari xalqaro yarmarkasida "Sedat Triko Tashkent" mas’uliyati cheklangan jamiyatining "Made in Uzbekistan" brendi ostidagi mahsulotlari yuksak baholandi. Korxonaning raqobatbardosh, yuksak did va zamonaviy dizayn bilan ajralib turuvchi to‘qimachilik va yengil sanoat mahsulotlari xorijlik hamkorlarga manzur bo‘ldi. Korxona yarmarkaning maxsus sertifikatiga munosib topildi. 

Mamlakatimizda to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish, paxta tolasini qayta ishlashni kengaytirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Paxta tolasini qayta ishlash bilan bir qatorda tayyor trikotaj va tikuvchilik buyumlari, matolar, gilam to‘qish, paypoq va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi kengaymoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-dekabrdagi "2017-2019-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida"gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. 

"Sedat Triko Tashkent" O‘zbekiston – Turkiya qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan ip-kalava, mato, turfa xildagi tikuvchilik-trikotaj tovarlari, maxsus kiyimlar, poyabzallar uchun aksessuarlar, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ichki bozorga yetkazib berilishi bilan bir qatorda eksport qilinmoqda. 2016-yilda eksport hajmi 2015-yilga nisbatan 70 foizga oshdi, 95 nafar yangi ish o‘rni yaratildi. 

– Faoliyatimizning dastlabki yillarida kiyim-kechak va poyabzallar uchun aksessuarlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanar edik, – deydi korxona bosh muhandisi Hakan Ozdemir. – Bugungi kunda mahsulotlarimiz turini ko‘paytirib, ularni eksport qilishga erishdik. Korxonamizga Italiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy to‘quv dastgohlari o‘rnatildi. O‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. Zero, yurtingizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha barcha shart-sharoitlar yaratilgan. 

2017-2018-yillarda korxona mahsulotlarini Yevropa bozorlariga chiqarish rejalashtirilgan. 

2016-yil korxonada yangi investitsiyaviy loyiha amalga oshirildi. Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida import o‘rnini bosuvchi va yuqori sifatli akril ip-kalava ishlab chiqarishga mo‘ljallangan fabrika ishga tushirildi. Hozir bu yerda 150 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Joriy yilda "Sedat Triko Tashkent" korxonasi va uning Zarafshon shahridagi filialida yangi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu esa eksport hajmini oshirish, 50 nafar yangi ish o‘rnini yaratish imkonini beradi. 

"Sedat Triko Tashkent" korxonasi xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasida faol ishtirok etib kelmoqda. Bu esa ichki bozorni xaridorgir mahsulotlar bilan to‘ldirish barobarida ularning jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirishga yordam bermoqda. Korxonaning «Tommy Walker» brendi ostida ishlab chiqarilayotgan o‘smirlar va yoshlarga mo‘ljallangan to‘qimachilik mahsulotlari sifat va hamyonbopligi bilan xorijlik hamkorlarga manzur bo‘layapti. «Seylan» brendi ostida esa chaqaloqlar uchun mahsulotlar assortimenti yetkazilib berilmoqda.