Xalq qabulxonalari muammolarga yechim topmoqda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, mamlakatimizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil e’tilmoqda.
Hayot oldimizga qo‘yayotgan ko‘pdan-ko‘p muammolarni vaqtida yechish haqida muttasil qayg‘urish, bu yo‘lda fidoyi bo‘lib, halovatdan voz kechib, odamlar dardi bilan yashashni davrning o‘zi har birimizdan talab etmoqda. Bunda odamlar bilan doimiy muloqot qilish, kundalik tashvishlari bitilgan murojaat va shikoyatlarni kechiktirmay ko‘rib chiqish, bu borada turli rasmiyatchilik, byurokratiya hamda sansalorlik holatlariga barham berish juda muhimdir. Davlatimiz rahbarining farmoni asosida hududlarda ham Xalq qabulxonalari tashkil etilgani davlat va xalq o‘rtasida muhim ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
– Xalq qabulxonalari murojaatlar bilan ishlashni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarmoqda, – deydi Farg‘ona viloyati Xalq qabulxonasi mudiri vazifasini bajaruvchi A.Mirzayev. – Zotan, islohotlarni baholash mezoni hisoblangan murojaatlar ortida inson manfaati, taqdiri turadi. Ularning to‘liq, xolisona, o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari himoya qilinishini kafolatlaydi.
Xalq qabulxonalarida tuman, shahar hokimlari, prokurorlarning shaxsiy qabullari ham o‘tkazilmoqda.
Furqat tumanidagi Xalq qabulxonasida viloyat prokurori Muzaffar Abdurahmonov sayyor qabul o‘tkazdi. Uchrashuvda 25 dan ziyod turli murojaat tushdi va ularning aksariyati shu yerning o‘zida hal etildi, ayrimlariga zudlik bilan yechim topish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Murojaatlar asosan obodonlashtirish, bandlik, uy-joy bilan ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga oid bo‘lib, daxldor soha vakillari zimmasiga vazifalar yuklatildi.
– Uchrashuvda uy-joy masalasidagi istagimni bildirdim. Murojaatim bo‘yicha o‘zimni qiziqtirgan savollarga javob topdim. Tegishli yo‘nalish va ko‘rsatmalar berildi, – deydi fuqaro Elmiraxon Mamatqulova.
Qabulga keladiganlar uchun Xalq qabulxonasida barcha sharoit yaratilgan. Xususan, qabulxonada tibbiyot, ona va bola xonalari ishlab turibdi, kutish zalidagi qulaylikdan keluvchilar mamnun. Bu kabi muloqotlarda tadbirkor va fermerlar, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar turli sohalar bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini bildirib, savollariga javob olmoqda. Ko‘tarilgan muammo va kamchiliklarning aksariyati shu yerning o‘zida yechim topayotgani aholining ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Manba:O'zA