Termiz shahridagi qo‘shma korxonada mahalliy xomashyodan sifatli dori vositalari tayyorlanmoqda

Termiz shahridagi “NOVA PHARM” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Hindiston qo‘shma korxonasida jahon bozorida raqobatbardosh, sifatli va yuqori samarali dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. 

Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan korxona faoliyati bosqichma-bosqich kengayib, farmatsevtika mahsulotlari turi oshib bormoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 31-oktabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. 

Mamlakatimizda xususiy sektor har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilayotgani farmatsevtika sanoatini ham rivojlantirish, aholi hamda davolash muassasalarini sifatli, xavfsiz dori-darmon vositalari bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda. Mahalliy dorivor o‘simliklar asosida dori-darmon vositalari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobidan farmatsevtika mahsulotlari mahalliylashtirilib, tibbiyot amaliyotiga joriy etilmoqda. 

Dorivor o‘simliklar serob va ularni yetishtirish uchun qulay iqlimga ega Surxondaryo viloyatida farmatsevtika sanoatini yuksaltirish borasida hindistonlik hamkorlar bilan jahon bozorida raqobatbardosh, arzon dori vositalari ishlab chiqarish hajmi kengaymoqda. 

Viloyatdagi dorivor giyohlar chuqur o‘rganilib, ularni ko‘paytirish, parvarishlash va maqsadli foydalanish yuzasidan istiqbolli rejalar ishlab chiqilgan. Shu maqsadda mahalliy shifobaxsh o‘simliklardan yuqori samarali, ishonchli dori-darmon ishlab chiqarish uchun davlat o‘rmon xo‘jaliklari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududda yetishtiriladigan mahalliy dorivor o‘simliklar import o‘rnini bosuvchi ko‘plab turdagi noyob dori-darmon tayyorlash uchun ham arzon va ishonchli xomashyodir. 

Qo‘shma korxonaning dastlabki bosqichida 5 ish o‘rni yaratilib, turli antibiotik, og‘riq qoldiruvchi, issiq tushiruvchi dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan edi. Mustaqilligimizning 24-yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan ikkinchi bosqichda sifatli va noyob kukun, shifobaxsh damlama va turli siroplar ishlab chiqarish o‘zlashtirilib, mazkur dori vositalarining katta mablag‘ evaziga chetdan olib kelinishiga barham berildi. Korxona faoliyatining bosqichma-bosqich kengaytirilayotgani mamlakatimiz farmatsevtika sanoatini yanada yuksaltirish, davolash-profilaktika muassasalarining arzon, sifatli dori vositalariga bo‘lgan talabini qondirish, yurtimizning eksport salohiyatini yanada oshirishga hissa qo‘shmoqda. 

– Korxonamizda turli giyohlardan tayyorlanadigan farmatsevtika mahsulotlari tarkibini puxta tahlil qilish va ularning sifatini aniqlash uchun barcha qulayliklarga ega laboratoriya ishlab turibdi, – deydi texnolog To‘lqin Eshmirzaev. – Bu yerda malakali mutaxassislar bilan birga, yosh kadrlar ham samarali faoliyat yuritmoqda. 

Korxonada ishchilarni ijtimoiy himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratilib, ular uchun bepul tibbiy va transport xizmati yo‘lga qo‘yilgan. 

– Farmatsevtika yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassisman, – deydi korxona ishchisi Sayyora Qarshiyeva. – Zamonaviy uskunalarni boshqarishni qisqa vaqtda o‘rganishimda kollejda olgan bilimlarim qo‘l keldi. Shunday korxonada, xalqimiz salomatligini asrashdek sharafli sohada ishlayotganimdan faxrlanaman. 

Ayni paytda qo‘shma korxonaning uchinchi bosqichida qurilish-montaj ishlari davom ettirilmoqda. Bu inshootga bir martalik shprislar ishlab chiqaradigan texnologik uskunalar o‘rnatiladi. Ishlab chiqariladigan infuzion, in’eksion eritmalar bir qancha dori vositalarini xorijdan keltirishga to‘liq barham berish bilan birga, ularni eksport qilish imkoniyatini ham yaratadi. Mahalliy sharoitda o‘sadigan shifobaxsh giyohlardan foydalanish ishlab chiqariladigan dori vositalarining tannarxini arzonlashtiradi. 

Korxona to‘la quvvat bilan ishga tushgach, bu yerda 150 dan ortiq ishchi mehnat qiladi. 

Manba: O'zA