“Yagona oyna” axborot tizimi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Davlat bojxona qo‘mitasida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida Ochiq Xay’at majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi” to‘g‘risidagi Qonuni doirasida bojxona organlarida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida axborotlar berildi. Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasida unifikatsiyalashtirilgan “Yagona oyna” bojxona axborot tizimining taqdimot marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Davlat bojxona qo‘mitasi Rahbariyati, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOIKA) vakillari, poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok qildi.
Tadbirni ochar ekan, DBQ Raisi o‘rinbosari G‘.Shukurov eksport va import yuklarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan 20 turdan ortiq ruxsatnoma hujjatlarini Internet yordamida, onlayn rejimida olish imkonini beruvchi “Yagona oyna” tizimining amaliyotga joriy qilinishi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi loyihasida Prezidentimiz tomonidan Davlat bojxona qo‘mitasi oldiga qo‘yilgan vazifalarni tizimli ravishda sifatli va samarali bajarilishida muhim va hal qiluvchi rol o‘ynashini ta’kidladi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2016 yil 5 oktyabrdagi PF-4848-son Farmoni bilan tasdiklangan “O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni har tomonlama muhofaza qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlar” dasturining 33-bandida Davlat bojxona qo‘mitasi va bir qator idoralarga joriy yilning I choragida «Yagona oyna» idoralararo axborot tizimini to‘liq joriy qilish yuklatilgan edi.
“Unifikatsiyalashtirilgan “Yagona oyna” bojxona axborot tizimini joriy etish yo‘li bilan bojxona xizmatini modernizatsiya qilish” loyihasini amaliyotga joriy etish ishlari 2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Hukumatlari o‘rtasida ikki tomonlama Hadli bitim imzolanganidan so‘ng boshlangandi.
Shundan so‘ng ushbu loyiha bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida unifikatsiyalashtirilgan «Bir oyna» bojxona axborot tizimini joriy etish yo‘li bilan bojxona xizmatini modernizatsiya qilish» loyihasini amalga oshirish uchun Koreya Respublikasi Hukumatining grantidan samarali foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2014 yil 18 avgustdagi PQ-2224 son qarori qabul qilindi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston va Koreya hamkorligining navbatdagi yorqin ifodasi bo‘lib, uni amalga oshirish uchun Janubiy Koreya tomonidan 5,5 mln AQSh dollari miqdorida grant mablag‘lari ajratilgan edi.
Loyihani ishlab chiqish va to‘liq amaliyotga joriy qilish mahalliy va Koreya Respublikasinnig yuqori malakali mutaxassislari bilan hamkorlikda belgilangan muddatdan kechiktirmay, ya’ni 2014-2016 yillar davomida to‘la amalga oshirildi.
Eng avvalo mutaxassislar ishtirokida bir qancha muzokaralar, bojxona sohasidaga biznes jarayonlarini sinchiklab tekshirish, zarur ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish ishlari olib borildi. 2014-2016 yillar davomida Koreya Respublikasida loyiha doirasida tashkil etilgan treninglarda 30 ga yaqin o‘zbekistonlik mutaxassislar ishtirok etdi.
Shuningdek loyiha doirasida Davlat bojxona qo‘mitasi zaruriy server va boshqa texnik qurilmalar bilan ta’minlandi, “Yagona oyna” axborot tizimining dasturiy ta’minoti ishlab chiqilib, tegishli sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Shubhasiz, joriy etilayotgan “Yagona oyna” tizimi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan eksport va import tovarlarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun bojxona organiga taqdim etilishi lozim bo‘lgan barcha ruxsatnoma sertifikatlari va xulosalarini yig‘ish jarayonini tezlashtirish va bu ishlarga sarflanadigan vaqtni qisqartirish bilan mamlakatimizda tadbirkorlik muhitini rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
«O‘zstandart» agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi kabi qator vazirlik va idoralarni qamrab olgan mazkur tizim yordamida 20 dan ortiq ruxsatnoma hujjatlari, shu jumladan, muvofiqlik sertifikati, ekologik sertifikat, veterinar guvohnoma va boshqa shu kabi hujjatlarni olish mumkin.
Aytish mumkinki, “Yagona oyna” axborot tizimi O‘zbekiston Respublikasi bojxona tizimi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, davlatimiz 1992 yildan buyon tenghuququli a’zo bo‘lib kelayotgan Jahon bojxona tashkiloti tomonidan tavsiya etilayotgan xalqaro standartlarga to‘la javob beradi.
“Yagona oyna” axborot tizimining ahamiyati shundaki, ilgari tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishlarida, ya’ni tashqi savdo shartnomasini tuzishdan boshlab, tovarlarni jo‘natgunga yoki qabul qilgunga qadar tegishli ruxsatnomalar olish uchun bir nechta davlat organlariga murojaat qilishlari va xar bir idora uchun alohida hujjatlar to‘plamini tayyorlab taqdim etishlariga to‘g‘ri kelar edi. Bu esa muayyan darajada ortiqcha vaqt sarflanishiga va moliyaviy xarajatlarning ko‘payishiga olib kelar edi.
“Yagona oyna” axborot tizimi esa davlat bojxona xizmati organlarida tovarning kelib chiqish sertifikatini, veterinariya, fitosanitariya, ekologik, sanitariya-epidemiologik xulosalarni rasmiylashtirishda tadbirkorlik sub’ektlariga ruxsat beruvchi tartib-taomillardan o‘tish jarayonini interaktiv kuzatish imkonini beradi.
Ushbu tizimning ishga tushirilishidan davlat organlariga mavjud resurslardan unumli foydalanish, turli bojxona to‘lovlari, soliq va yig‘imlarni to‘liq hisoblash va undirish, tadbirkorlarning faoliyatiga aralashmasdan turib, tashqi iqtisodiy jarayonlarni monitoringgi va tahlilini olib borish imkonini beradi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun esa moliyaviy harajatlarni tejash, qog‘ozbozlik va byurokratik omillardan xalos bo‘lish, hujjatlarni tayyorlash va taqdim etishga yanada kamroq vaqt sarflash, bu jarayonda mantiqiy nazorat funksiyalari ko‘magida turli xato va kamchiliklardan holi bo‘lish kabi qulayliklarga ega bo‘lishadi.
Eng muhimi “Yagona oyna” tizimi ko‘magida har ikkala tomon faoliyatida ham o‘zaro shaffoflik yanada ortadi.
Tadbir davomida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari “Yagona oyna” axborot tizimi yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.
“Yagona oyna” axborot tizimi www.sw.customs.uz manzilida sinov tarzida ishga tushirildi.
Taqdimot marosimida Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Kvon Yong Vu ishtirok qildi.
Manba: Davlat bojxona qo‘mitasi