O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ulug‘ Yurtboshimiz tavallud sanasi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N.Ismoilov, parlament quyi palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A.Saidov, deputatlar O.Jamoliddinova, Q.Jo‘rayev, A.Qirg‘izboyev va boshqalar xalqimiz o‘tgan 25-yil mobaynida erishgan ulkan yutuq va marralarni Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi bilan uzviy bog‘lashini ta’kidladi.
Shu ma’noda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 25-yanvardagi "O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida"gi qarori xalqimiz ko‘nglidagi niyatning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Mustaqilligimiz me’mori ishlab chiqqan taraqqiyotning "o‘zbek modeli" – qonun ustuvorligini ta’minlash, iqtisodiyotni mafkuradan xoli etish, davlatning islohotlar tashabbuskori bo‘lishi, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, islohotlarni bosqichma-bosqich va izchil olib borish tamoyillariga tayanilgani yutuqlarimizning asosiy omili bo‘ldi.
Birinchi Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida sud-huquq tizimi, milliy saylov tizimi, davlat boshqaruvi, axborot, fuqarolik jamiyati institutlari kabi jabhalarga taalluqli qator qonunlar qabul qilindi.
Islom Karimov o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, qat’iyati va matonati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi, yorqin buyuk shaxs va davlat arbobi sifatida nafaqat O‘zbekistonda, balki jahon hamjamiyatida ham yuksak hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘ldi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish ishiga munosib hissa qo‘shish, Yurtboshimizning Vatanimiz taraqqiyotidagi beqiyos xizmatlari, tariximizdagi o‘chmas o‘rni va ahamiyatini chuqur o‘rganish, uni keng jamoatchilikka yetkazish borasida taklif va mulohazalar bildirildi.
Manba: O'zA