Mustaqilligimiz me’mori, taraqqiyotimiz asoschisi
Mamlakatimizning barcha hududlarida buyuk davlat arbobi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavallud topgan kun – 30-yanvar sanasiga bag‘ishlangan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 125-umumta’lim maktabi va Toshkent temir yo‘l transporti kasb-hunar kollejida o‘tkazilgan tadbirlarda Buyuk Yo‘lboshchimizning Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning osuda, obod va farovon hayotini ta’minlash, barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi bebaho xizmatlari alohida qayd etildi.
Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim tizimini zamonaviy mezonlar asosida yuksaltirish yo‘lida bir qator muhim hujjatlar qabul qilingan. Mamlakatimizda dunyo standartlariga javob beradigan yangi oliy ta’lim muassasalari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va maktablar ochildi. Yoshlar iste’dodini yuzaga chiqarish va rag‘batlantirishning o‘ziga xos milliy tizimi shakllantirildi. Yoshlar o‘rtasida muntazam ravishda fan olimpiadalari, turli tanlov va musobaqalar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Termiz davlat universitetida o‘tkazilgan ana shunday kechada talaba-yoshlar, professor-o‘qituvchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda tarixan qisqa davrda mamlakatimizning dunyoda munosib o‘rin egallab, har taraflama rivojlangani, aholining turmush darajasi tubdan yaxshilanib, yoshlarning jahon miqyosida ilm-fan, sport, san’at va boshqa sohalarda olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani Birinchi Prezidentimizning uzoqni ko‘zlab yuritgan oqilona siyosati samarasi ekani ta’kidlandi.
Surxondaryoliklar vohaning chorak asrda iqtisodiy barqaror hududga aylanib, odamlarning turmush darajasi muttasil yuksalib borishida Islom Karimov xizmatlari beqiyos bo‘lganini hech qachon unutmaydi. O‘tgan yillarda amalga oshirilgan tub tarkibiy o‘zgarish va yangilanishlar viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 50 dan ortiq qo‘shma korxona tashkil etildi. Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temir yo‘li barpo etilib, xalqimizning azaliy orzulari ruyobga chiqdi.
Qishloqlarda namunaviy loyihalar asosida qad rostlagan zamonaviy uy-joylar qishloq aholisi uchun munosib turmush sharoiti yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi doirasida bunyod etilgan zamonaviy ta’lim muassasalari, sport inshootlari yosh avlodning baxtu kamoliga xizmat qilayotir.
Yaratilgan bu kabi qulayliklardan unumli foydalanayotgan talaba-yoshlar ilm-fan, madaniyat, san’at, sport va boshqa sohalarda salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.
Tadbirda “Kim edigu kim bo‘ldik?”, “Davr bizniki, marra bizniki!” nomli videoroliklar namoyish etildi.
Birinchi Prezidentimizning tavalludi sanasiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlaridagi ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda o‘tkazilmoqda.
Manba: O'zA