Respublikamizda sotilayotgan ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining sifati nomuvofiq ekanligi ma’lum bo‘ldi

Respublikamizda Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinganligi, shubhasiz millatimiz salomatligini asrab-avaylashga, aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini shakillantirishga va eng muhimi sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Mazkur qonunda belgilanganidek, Respublikamizda oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini ta’minlash sohasida boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar qatori O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi ham bor.

O‘tgan davr ichida “O‘zstandart” agentligi tomonidan bu yo‘nalishda bir qator ishlar bajarildi. Birgina o‘tgan 2016 yilda agentlik Bosh direktorining topshirig‘iga asosan, Respublikamizning 14 ta hududlarida 49 ta har xil turdagi mahsulotlardan namunalar tanlab olinib, sinov ishlari amalga oshirildi.

Ming afsuski, o‘tkazilan sinov natijalariga ko‘ra 20 ta mahsulot amaldagi me’yoriy hujjat talablariga nomuvofiq deb topildi. Masalan; Gollandiya pishlog'i mahsuloti “O‘zstandart” agentligi labaratoriyasida tekshirilganda mahsulot organoleptika va fizik-kimyoviy ko‘rsatgichlari bo‘yicha GOST 7616-85 2.3 va 2.5 bandlariga nomuvofiq deb topildi.

Gollandiya pishlog'i yorliqlanishi bo‘yicha GOST 7616-85 ning 4.1 bandi bo‘yicha yorliqning formasi va o‘lchamlari bo‘yicha nomuvofiq ekanligi aniqlandi.

Yoki bo‘lmasa, Sterilizatsiyalangan sut mahsuloti ham labaratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganda O’zDSt 2843:2014 standartining 4.4.1 bandi bo‘yicha mahsulotning yorlig‘ida saqlash sharoitlari to‘la ko‘rsatilmagan. Mahsulotning energetik quvvati me’yoriy hujjatning A ilovasiga ko‘ra nomuvofiq ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Qaymoq, 45%, 180g idishda qadoqlangan mahsuloti ham tekshiruvdan o‘tkazilganda O’zDSt 352:2006 standartining 4.4. bandi bo‘yicha nomuvofiq deb topildi.

Bulardan tashqari, “Деликатесные” sosiskasi ham tekshiruv jarayonida nomuvofiqligi ma’lum bo‘ldi. Mahsulot O’z DSt 2987:2015 standartining konsistensiya, rangi, kesilgandagi ko‘rinishi, hidi va ta’mi ko‘rsatgichlari bo‘yicha nomuvofiq deb topildi.

“O‘zstandart” agentligi labaratoriyasiga olib kelingan barcha mahsulotlar bevosita bozorlardan, va savdo rastalaridan sotib olib kelinib, mutaxassislar ishtirokida tekshiruvidan o‘tkazildi.

Ta’kidlash lozimki, “O‘zstandart” agentligi xozirda sifatsiz deb topilgan mahsulotlarni umumiy nomini e’lon qilish bilan cheklanmoqda. “O‘zstandart” agentligi kelgusida rasmiy veb-sayti orqali laboratoriya tekshiruvida nomuvofiq deb topilgan mahsulotlarni to‘liq nomi va ishlab chiqaruvchisi to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlarni yoritib boradi.

Hurmatli tadbirkorlar “O‘zstandart” agentligi Sizdan Respublikamiz hududiga chetdan olib kelinayotgan va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatiga alohida e’tibor qaratishingiz va ma’suliyatli bo‘lishingizni eslatib o‘tadi.

Respublikamiz bozorlarida va savdo majmualarida sifatsiz mahsulotlarning sotilishini oldini olishga barchamiz birdek ma’sulmiz.

Shu o‘rinda muhim bir savol tug‘iladi, bozorlar va savdo korzinkalarda muddati o‘tgan, sifatsiz mahsulotlarni iste’molchilarga sotayotgan yurtdoshlarimiz bu ishlarni bilib qilayaptilarmi yoki bilmasdan qilayaptilarmi degan savolga duch kelamiz.

Respublikamiz Prezidenti tomonidan aholini sifatsiz mahsulotlardan himoya qilish yuzasidan juda katta ishlar qilinayotgan bir paytda, ayrim savdo rastalarida aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan sifatsiz mahsulotlarni sotib mo‘may daromad topayotganlarning oz bo‘lsada vijdonlari qiynalarmikan?

O‘zlari tomonidan bilib-bilmay sotilayotgan bu kabi sifatsiz mahsulotlarni oilalariga, farzandlarga ravo ko‘rarmikan?