"Yashil yo‘lak"-turizmga yo‘l ochiq.
Ta’kidlash joizki, mustaqillik yillarida turizm yangi soha sifatida faoliyat ko‘rsatib, tadrijiy tarzda takomillashib bordi. Hozirgi kunda birgina Samarqandda sayyohlik xizmatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan 193 ta tashkilot mavjud. Shundan 105 tasi mehmonxona, 88 tasi turistik firmalardir. Ushbu farmon mazkur sayyohlik tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish, turistlarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirishga turtki bo‘ladi.
Birinchi navbatda, "O‘zbekturizm" milliy kompaniyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etildi. Mazkur qo‘mita zimmasidagi mas’uliyat va vazifalar salmog‘i oshadi. Xususan, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab turizm faoliyatiga litsenziya berish vazifasi Vazirlar Mahkamasidan yangi tashkil qilingan davlat qo‘mitasiga o‘tkaziladi. Mehmonxonalar va joylashtirish joylari uchun litsenziya olish talablari bekor qilinadi.
Bugungi kunda aksariyat sayyohlik firmalari va umuman, turistlar uchun kutilgan jihati ularning O‘zbekistonga tashrifi uchun viza rejimining bekor qilinishidir. Demak, kelgusi yilning 1 aprelidan boshlab 15 ta davlat, shu jumladan, Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Finlyandiya, Shveysariya va Yaponiya kabi davlatlarning turizm maqsadida tashrif buyuruvchi, shuningdek, 55 yoshga to‘lgan va 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga keluvchi 12 davlat, masalan Belgiya, Indoneziya, Xitoy Xalq Respublikasi (turistlar guruhlari tarkibida), Malayziya, AQSh, Fransiya, Vetnam, Isroil, Polsha, Vengriya, Portugaliya va Chexiyaning turizm maqsadida keluvchi fuqarolari uchun viza rejimi butunlay bekor qilinadi. Shu paytga qadar aksariyat sayyohlar viza to‘g‘rilash bilan bog‘liq vaqt va yugur-yugurlar tufayli O‘zbekistonga tashrifni paysalga solib kelishgan. Ushbu yangi tizim sayyohlar va turfirmalar uchun ham juda qulay, foydali bo‘ladi.
Xorijlik turistlar mamlakatimizga kelgach, ular uchun aeroportlarda ham qulay sharoit yaratish ko‘zda tutilgan. Xususan, 1 apreldan Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlarining xalqaro aeroportlarida xorijiy turistlar uchun "yashil yo‘lak" bojxona nazorat tizimini, pasport va bojxona nazoratidan o‘tishning, bagajni olishning soddalashtirilgan tartib-taomilini joriy etish hamda transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rish belgilangan. Qolaversa, aeroportlar va vokzallarda rezidentlar, ya’ni mahalliy aholi hamda norezidentlar – xorijlik sayyohlar pasport nazoratidan alohida-alohida o‘tishlarini tashkil qilish ham katta yangilikdir.