Mamlakatimizda uch yuzga yaqin tadbirkorlik sub’ekti chiqindilarni qayta ishlash bilan shug‘ullanmoqda
O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida chiqindilarning tabiat musaffoligi va inson salomatligiga ta’sirining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Insonning xo‘jalik faoliyati va sanoat korxonalarida hosil bo‘ladigan chiqindilarning tabiiy muvozanatga va aholi salomatligiga salbiy ta’sirining oldini olish global ekologik muammolardan biridir. Mamlakatimizda bu yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etishning mustahkam huquqiy va amaliy mexanizmlari yaratilgani barqaror rivojlanish omili bo‘layotir.
Yurtimizda chiqindilarni yig‘ish, saqlash, tashish, zararsizlantirish borasida zamonaviy tizim yaratilgan. Hududlarning sanitariya holatini yaxshilash, chiqindilarni yig‘ish va tashishga ixtisoslashgan tuzilmalarning moddiy-texnik salohiyatini oshirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ishlab chiqarishning turli yo‘nalishlarida ishbilarmonlik muhitiga keng yo‘l ochilayotgani chiqindilarni qayta ishlash sohasida ham tadbirkorlik jarayonlarini rivojlantirishga zamin bo‘layotir. Bugungi kunda mamlakatimizda uch yuzga yaqin tadbirkorlik sub’ekti aynan chiqindilarni qayta ishlash borasida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu korxonalar sanoatda va maishiy tarmoqda hosil bo‘ladigan va atrof-muhitga zarari yuqori bo‘lgan shisha, yelim, metall, rezina va boshqa chiqindilarni qayta ishlamoqda. Ushbu yo‘nalishdagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida chiqindini qayta ishlaydigan korxonalarga bir qator iqtisodiy imtiyozlar berilgan.
Tabiat musaffoligini ta’minlashga yo‘naltirilgan bunday ishlarda keng aholi, ayniqsa, yoshlarning faolligini oshirish, yigit-qizlarning ongiga tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish tuyg‘usini chuqur singdirish muhim vazifadir. O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi «Toshrangmetzavod» aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda «Biz bilan ozoda kelajak sari» loyihasini ana shu maqsadga yo‘naltirmoqda.
Loyiha doirasida oliy o‘quv yurtlari talabalari, kollej va litsey o‘quvchilari o‘rtasida ijodiy ishlar tanlovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Ijodiy ishlarda chiqindilar muammosi, noqonuniy chiqindixonalar bilan kurashish, elektron chiqindilarga munosabat, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, turar joylarda tozalik, ozodalikka rioya etilishining holati, bu boradagi muammo va kamchiliklar, chiqindilarni zararsizlantirish borasidagi tajribalar va vazifalar aks ettirilishi lozim. Bu boradagi batafsil ma’lumotlar Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining veb-saytida (www.uznature.uz) joylashtirilgan.
Tadbirda mamlakatimizda chiqindilarni boshqarish borasidagi ishlarni tashkil etishning huquqiy va tashkiliy asoslari, erishilayotgan natijalar, istiqboldagi vazifalarga oid ma’ruzalar tinglandi.
Manba:UzA