Ariza va shikoyatlarning 93,1 foizi iste’molchilar foydasiga hal etilgan
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 2016-yil faoliyati yakunlari hamda joriy yildagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Federatsiya raisi J.Sarimsoqov va boshqalar iste’molchilar huquqlarining qonun himoyasiga olinishi bozor munosabatlarini tartibga solish, tovar va xizmatlar sifati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda muhim omil bo‘layotganini qayd etdi.
2016-yilda federatsiya va uning hududiy tuzilmalari, tuman va shahar jamiyatlariga iste’molchilardan 9 ming 900 dan ziyod ariza va shikoyat kelib tushgan. Ularning 93,1 foizi ijobiy hal etilgan, 3 milliard 860 million so‘mdan ziyod zarar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berilgan.
Murojaatlarning 28,9 foizi tabiiy gaz ta’minoti, 23,6 foizi savdo, 15,4 foizi elektr ta’minoti va boshqa sohalarga tegishlidir.
Federatsiyaning virtual qabulxonasi, www.istemol.uz sayti hamda "1091" "ishonch telefoni" orqali ariza, taklif va shikoyatlar qabul qilinayotgani iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoyalashga xizmat qilmoqda.
Davlat idoralari bilan hamkorlikda aholi, xususan, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish borasida tegishli dasturlar ishlab chiqilib, amalga oshirib kelmoqda. O‘tgan yilda ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda ayni shu yo‘nalishda 7 ming 500 ga yaqin o‘quv-seminari va davra suhbatlari o‘tkazilgan.
Tadbirlar ta’sirchanligini oshirish, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida “Yuksak iste’mol madaniyati sari” shiori ostida turli risola va targ‘ibot materiallari nashr etildi va tarqatildi.
Ommaviy axborot vositalarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan mavzularda 7 mingga yaqin chiqishlar uyushtirildi. Iste’molga yaroqsiz, inson hayotiga xavf soluvchi mahsulotlar sotilishining oldini olish maqsadida “Toshkent” telekanali orqali “Sifat nazorati” ko‘rsatuvi efirga uzatilmoqda.
Ijtimoiy sohalarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablariga rioya etilishi bilan bog‘liq ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazilib, ularda 51 ming 500 iste’molchi fikr va takliflari o‘rganildi. Ko‘rsatilgan muammo va kamchiliklar bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Markaziy bank, boshqa idoralar va nazorat organlariga taqdim etildi.
Yig‘ilishda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining asosiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda hududiy birlashmalar, tuman va shahar jamiyatlari huzurida “Iste’molchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalarini tashkil etish zarurligi qayd etildi. Iste’molchilar murojaatlari bilan ishlashning samarali mexanizmlarini joriy etish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Manba: O'zA