«Urgut», «G‘ijduvon», «Qo‘qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Tashqi bozorlarda talab katta bo‘lgan, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlaydigan mineral-xomashyo va qishloq xo‘jaligi resurslarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etishga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlarni yaratish, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarining ishlab chiqarish hamda resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanish, shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etish hamda aholi daromadlarini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligining, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimliklarining Samarqand viloyati Urgut tumanida – «Urgut», Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida – «G‘ijduvon», Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida – «Qo‘qon», Xorazm viloyati Hazorasp tumanida – «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarini (keyingi o‘rinlarda «Urgut» EIZ, «G‘ijduvon» EIZ, «Qo‘qon» EIZ va «Hazorasp» EIZ deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda «Urgut» EIZ, «G‘ijduvon» EIZ, «Qo‘qon» EIZ va «Hazorasp» EIZ tarkibiga kiritish uchun yer uchastkalari chegaralarini o‘rnatsinlar va ularning belgilangan tartibda ajratilishini ta’minlasinlar.
3. Quyidagilar «Urgut» EIZ, «G‘ijduvon» EIZ, «Qo‘qon» EIZ va «Hazorasp» EIZning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:
tashqi bozorlarda talab katta bo‘lgan va importning o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb etish;
Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan kompleks hamda samarali foydalanishni ta’minlash;
meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, to‘qimachilik, gilam to‘qish, poyabzal va charm-galantereya, ekologik jihatdan xavfsiz kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda yangi zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish;
mahalliy xomashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish hamda erkin iqtisodiy zonalar korxonalari o‘rtasida va umuman respublikada sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni standartlashtirish, sertifikatlashtirish va markirovka qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq ilmiy-ishlab chiqarish markazlari tashkil etish va ularning qarorlari xalqaro darajada e’tirof etilishini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rish.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
«Urgut» EIZ, «G‘ijduvon» EIZ, «Qo‘qon» EIZ va «Hazorasp» EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati, keyinchalik uni uzaytirish imkoniyati bilan 30-yilni tashkil qiladi;
faoliyat ko‘rsatish muddati mobaynida «Urgut» EIZ, «G‘ijduvon» EIZ, «Qo‘qon» EIZ va «Hazorasp» EIZ hududlarida alohida soliq, bojxona va valyuta rejimi amal qiladi.
5. Erkin iqtisodiy zonalar Ma’muriy kengashining yangilangan tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Erkin iqtisodiy zonalarning yangilangan Ma’muriy kengashi zimmasiga «Urgut» EIZ, «G‘ijduvon» EIZ, «Qo‘qon» EIZ va «Hazorasp» EIZga nisbatan ma’muriyatchilik qilish funksiyalari yuklansin.
6. «Urgut» EIZ, «G‘ijduvon» EIZ, «Qo‘qon» EIZ va «Hazorasp» EIZ qatnashchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2016-yil 26-oktabrdagi PF-4853-sonli Farmonining 3-, 4- va 5-bandlari qoidalari tatbiq etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 26-oktabrdagi PF-4853-sonli Farmonining 3-, 4- va 5-bandlarida nazarda tutilgan bojxona to‘lovlari, soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llashning soddalashtirilgan tartibini tasdiqlash uchun kiritsinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda «Urgut» EIZ, «G‘ijduvon» EIZ, «Qo‘qon» EIZ va «Hazorasp» EIZ direksiyalarini tashkil qilsin hamda «Urgut» EIZ, «G‘ijduvon» EIZ, «Qo‘qon» EIZ va «Hazorasp» EIZ direksiyalarining ustavlarini va Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi yagona Nizomni tasdiqlagan holda, ular faoliyatini tashkil etish yuzasidan qaror qabul qilsin.
Belgilansinki, erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari erkin iqtisodiy zonalarning Ma’muriy kengashi qarorlari va erkin iqtisodiy zonalarning ishlab chiqilgan bosh rejalari bo‘yicha ma’qullangan investitsiya loyihalarini joylashtiradilar va erkin iqtisodiy zonalar direksiyalarida «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha muhandislik-telekommunikatsiya infratuzilmasi tarmoqlariga ulanishga barcha zarur ruxsatnomalar berilishini tashkil qiladilar.
8. «Urgut» EIZ, «G‘ijduvon» EIZ, «Qo‘qon» EIZ va «Hazorasp» EIZ direksiyalari erkin iqtisodiy zonalarning butun faoliyat ko‘rsatish davrida soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilinsin.
9. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, «O‘zkommunxizmat» agentligi, «O‘zbekenergo» AJ, «O‘ztransgaz» AK, «O‘zavtoyo‘l» DAK hamda respublika va hududiy darajadagi muhandislik-kommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatuvchilar erkin iqtisodiy zonalarning qatnashchilari – xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kommunikatsiyalarga, ularni ishlab chiqarish maydonchalariga o‘z vaqtida tutashtirgan holda, kafolatli ulanishini ta’minlaydilar.
10. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, «O‘zkommunxizmat» agentligi, «O‘zbekenergo» AJ, «O‘ztransgaz» AK, «O‘zavtoyo‘l» DAK, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda «Urgut» EIZ, «G‘ijduvon» EIZ, «Qo‘qon» EIZ va «Hazorasp» EIZ hududlarida transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish dasturini tasdiqlash uchun uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi har yili O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturlarini shakllantirishda ularning parametrlarida erkin iqtisodiy zonalarning transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun, ularning ishlab chiqilgan bosh rejalari asosida kapital qo‘yilmalar limitlarini hamda zarur markazlashtirilgan investitsiyalar ajratilishini nazarda tutsinlar.
11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining «O‘zshaharsozlikLITI» davlat unitar korxonasini «Urgut» EIZ, «G‘ijduvon» EIZ, «Qo‘qon» EIZ va «Hazorasp» EIZning bosh rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha bosh loyihalash tashkiloti etib belgilash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
«O‘zshaharsozlikLITI» davlat unitar korxonasi uch oy muddatda «Urgut» EIZ, «G‘ijduvon» EIZ, «Qo‘qon» EIZ va «Hazorasp» EIZning bosh rejalarini ishlab chiqsin hamda erkin iqtisodiy zonalarning Ma’muriy kengashi bilan kelishgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritsin.
12. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Davlat bojxona qo‘mitasi «Urgut» EIZ, «G‘ijduvon» EIZ, «Qo‘qon» EIZ «Hazorasp» EIZ va «Jizzax» EIZ hududlarida logistika markazlari hamda bojxona postlari tashkil etish yuzasidan bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
13. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga va boshqa tijorat banklariga tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalar hududlarida amalga oshirish taklif etilayotgan investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun o‘z mablag‘lari hamda O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolati berilmagan holda jalb etilgan xorijiy kredit liniyalari hisobiga kreditlar ajratish tavsiya etilsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2016-yil 26-oktabrdagi PF-4853-sonli Farmoni 6-bandining birinchi xatboshi va Farmon ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2016-yil 26-oktabrdagi PF-4853-sonli Farmoniga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartishlar kiritilsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiquvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Manba: www.gov.uz