Bugun har bir yurtdoshimizning orzulari amalga oshmoqda 

"Xalq bankining xodimlari xonadonimizga kelib, oilamiz uchun qulay bo‘lgan kredit turi va unga kerak bo‘ladigan hujjatlar ro‘yxatini taqdim qildi. Bizga chorvachilikni rivojlantirish haqidagi taklif juda ma’qul keldi. Chorvachilik sohasidan xabardor bo‘lganimiz bois o‘sha kuniyoq chorva mollari xarid qilish uchun 5 million so‘mlik sarmoya so‘rab, bankka tegishli hujjatlarni taqdim qildik. Qisqa muddatda kredit olib, tadbirkor bo‘ldik. Aslida o‘z biznesim bo‘lishini kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimdan orzu qilardim. Qarangki, rejalarim amalga oshdi. Yurtimizda har bir fuqaroga davlat darajasida e’tibor berilayotganidan quvonchim cheksiz". 

Bu Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi Muhabbat Umarovaning so‘zlari. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida xususiy mulk va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish va ularning ta’sirchan himoyasini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Aytish mumkinki, ana shunday e’tibor tufayli bugun qaysi bir xonadonga kirmang, bir oila uchun kerak bo‘ladigan hamma narsaning mujassamligiga ishonch hosil qilasiz. 

Joriy yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinishi davlat tashkilotlari va xalqning yanada jipslashib, mustahkam hamkorlikda faoliyat olib borishi uchun muhim qadam bo‘ldi. Tadbirkorlarning manfaatlarini qonuniy himoya qilishni kuchaytirish, bank faoliyatini zamon talablariga mos ravishda isloh qilish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va iqtisodiyotning jadal rivojlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

– Tadbirkorlikni rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar minglab yurtdoshlarimizning dasturxoniga rizq, oilalariga fayz olib kirayotgani bor gap, – deydi Xalq bankining yetakchi mutaxassisi Sa’dulla Maqsudov. – Bu borada tijorat banklarining ham o‘z o‘rni bor. Xususan, xodimlarimiz har bir xonadonga kirib, aholining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun mavjud imkoniyat va sharoitlarni chuqur o‘rganib, maxsus so‘rovlar orqali ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, aholining bu sohaga qiziqish va ko‘nikmalarini oshirish hamda tadbirkorlikka oid qonun va nizomlar bilan kengroq tanishtirish maqsadida maxsus buklet shaklidagi namunaviy biznes loyihalari ham tarqatilmoqda. 

Hozir Xalq bankiga yurtimizdagi mingdan ortiq qishloq fuqarolar yig‘ini va ulardagi 1,5 millionga yaqin xonadon biriktirilgan bo‘lib, bank xodimlari ushbu xonadonlarning har biriga kirib, aholining o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun ko‘maklashmoqda. Bunda tadbirkorlikni boshlovchilar uchun chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish, kasanachilik, hunarmandlik, tikuvchilik, sartaroshlik, qandolatchilik kabi 20 dan ziyod yo‘nalishda moliyaviy xizmatlar taklif qilinayotir. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazish va tegishli amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida mingga yaqin malakali bank xodimi mas’ul qilib biriktirilgan. 

Bankning matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, hozir 113 mingdan ziyod xonadon o‘rganilgan bo‘lsa, shundan 21 mingdan ortig‘i tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish istagini bildirgan. 

– Prezidentimizning topshirig‘iga binoan banklar vakillari aholi bilan uchrashayotgani barcha qatori meni ham quvontirdi, – deydi Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida yashovchi fuqaro Muhammadsodiq Vahobov. – Kuni kecha Xalq bankining tuman filiali xodimlari uyimizga kelib, oila a’zolarimning fikrlarini inobatga olib, biz uchun qulay bo‘lgan kredit turlarini tavsiya qildi. Biznes rejam asosida kredit olib, biznesimni yo‘lga qo‘yishga qaror qildim. Nasib qilsa, oilam ish bilan ta’minlanadi, qo‘shimcha daromadga ham ega bo‘lamiz. 

O‘rganishlar natijasida qishloq joylarda chorva, parranda, baliq, asalari va quyonchilikni rivojlantirish, umumiy ovqatlanish xizmatlari va issiqxonalar tashkil etishga talab yuqori ekanligi aniqlandi. Shaharlarda asosan tikuvchilik, to‘qimachilik, maishiy va umumiy ovqatlanish xizmatlariga qiziquvchilar ko‘pligi kuzatilmoqda. 

– Men uzoq yillardan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi “Bahodir Maqsud” fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Maqsudov. – Ajratilayotgan kreditlarning aksariyati anchadan buyon yodimizdan ko‘tarilayotgan ayrim yo‘nalishlarning qayta tiklanishiga sabab bo‘layotgani meni quvontirdi. Masalan, tuyachilikni olaylik. Tuyaning suti, juni juda noyob ekani allaqachon isbotlangan. Qadimdan tuya suti shifobaxsh dori sifatida iste’mol qilinadi. Xalq bankidan tuyachilikni rivojlantirish bo‘yicha kredit olib, 80 bosh tuya olib kelishni rejalashtirganmiz. 

Bank hozirga qadar ana shunday yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini boshlagan shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarga qariyb 2,2 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratdi. Natijada 460 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. 

– Hali tajribaga ega bo‘lmagan tadbirkor uchun ishni boshlash oson kechmasligini yaxshi bilaman, – deydi “Urganch Farangiz Diyorbek” xususiy korxonasi rahbari Inoyat Yusupov. – Ayniqsa, faoliyatini oqilona yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar bankka chaqirilib, ularga qo‘shimcha imtiyozli kreditlar taklif qilinayotganini eshitib, xursand bo‘ldim. Buning samarasida ham biznes kengayadi, ham yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Xalq banki yuridik tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga ana shunday kreditlarni taklif qilib, shu orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilgani ayni muddao bo‘ldi. 

Xalq bankida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlardan maqsad xalqimiz turmush darajasini yuksaltirish va shu orqali yurtimiz iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shishdan iboratdir.

Manba:www.uza.uz