Sifat menejment tizimi va uning afzalliklari
“Biz, avvalo, iqtisodiyotni isloh qilish va erkinlashtirish borasidagi ishlarimizni yanada chuqurlashtirish, uning soha va tarmoqlarini ¬tarkibiy jihatdan o‘zgartirish ¬bo‘yicha boshlangan ishlarni jadallashtirishimiz va hududlarni modernizatsiya qilish, ularning raqobatdoshlik darajasini oshirish, eksport ¬salohiyatini rivojlantirish masalalari doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lishi lozim” Sh.M.Mirziyoyev.
Respublikada, avvalom bor xususiy mulkchilik sinfini shakllanishi yoki qaror topishi va mulkchilikka nisbatan bo‘lgan tushunchalarning o‘zgarishi–davlatning mahalliy ishlab chiqaruvchilarining jahon bozorlarida mustahkam o‘ringa ega bo‘lishida muhim omil bo‘ldi.
Korxonalarda halqaro standart talablariga muvofiq sifat tizimlarining joriy etilishi raqobat muhitida korxonalar yutug‘ining kafolati xisoblanadi va korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishga va iste’molchilarni sifatli va ekologik xavfsiz mahsulotlar bilan ta’minlash imkonini beradi.
Shuning uchun ushbu soha bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda, jumladan:
Mazkur soha yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan chiqarilgan qarorlar, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarda halqaro sifat tizimlarini joriy etish sohasining xuquqiy-normativ asosi bo‘lib, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport qiluvchi korxonalarni rag‘batlantirishni kuchaytirish va raqobatbardosh mahsulotlarni yetkazib berishni kengaytirish borasida qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1731, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 22 iyuldagi “Korxonalarda halqaro standartlarga muvofiq sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish bo‘yicha tadbirlar to‘g‘risida”gi №349, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 19 iyundagi “Respublika korxonalarida halqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan sifatni boshqarish tizimlarini joriy etishni kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi №173 hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 avgustdagi “Korxonalarda halqaro standartlarga muvofiq sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi №183 qarorlarida soliq, bojxona, mahsulotlarni eksport jarayonlari va bank xizmatlari bo‘yicha ishlab chiqaruvchi korxonalarning imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida qator imtiyoz va qulayliklar berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining 356-moddasiga asosan soliq solinadigan baza yangi texnologik uskunalar sotib olishda, sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish va mahsulotni halqaro standartlar talablariga muvofiq sertifikatlashtirishda kamaytiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 26 martdagi PQ-1731-sonli qaroriga asosan sifatni boshqarish tizimlarini joriy etayotgan mikrofirma va kichik tashkilotlarga yagona soliq to‘lovlarini kamaytirish tartibi qo‘llaniladi.
v O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 22 iyuldagi №349 qaroriga asosan sinov laboratoriyalariga ega bo‘lgan korxonalar belgilangan tartibda laboratoriyada tekshirish va test sinovidan o‘tkazishda foydalaniladigan texnologiya jihozlari, shuningdek butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlarni chetdan keltirishda, agar ularni yetkazib berish texnologiya jihozlari yetkazib berish uchun tuzilgan kontrakt shartlarida nazarda tutilgan bo‘lsa, bojxona to‘lovlaridan, shu jumladan qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish tartibi qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 19 iyundagi 173-son qaroriga asosan davlat ehtiyojlari uchun mahsulotlar xarid qilish yuzasidan tender savdolari o‘tkazishda boshqa teng shart-sharoitlarda ustunlik sifatni boshqarishning sertifikatlashtirilgan tizimiga ega bo‘lgan mamlakatimiz mahsulot yetkazib beruvchilariga beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 21 iyuldagi 154-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan xalqaro standartlar bo‘yicha sifat tizimini joriy qilgan, shuningdek eksportbop mahsulot turlarini ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi korxonalar, mahalliylashtirish dasturiga kirishda, yuqoridagi mezonlarga muvofiq keladigan loyihalar bo‘yiyaa afzallika ega.
Adliya vazirligida 2697-son bilan ro‘yxatga olingan «Tasdiqlangan Mahalliylashtirish dasturi loyihalari amalga oshirilayotgan korxonalar tomonidan soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi Nizom»da nazarda tutilgan imtiyozlar berilishi munosabati bilan bo‘shaydigan mablag‘lar sifatni boshqarish tizimini joriy etishga jalb qilingan korxonalarning muhandis-texnik xodimlarini rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Bugungi kunda sifat tizimlarini sertifikatlashtirish idoralari sonini 27 ta yetkazilib, shundan 8 ta sertifikatlashtirish idoralarini halqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Ushbu ishlarni rivojlantirish maqsadida qo‘shimcha ravishda 2 ta hududiy markazlari (Andijon va Samarqand) qoshidagi sifat tizimlarini sertifikatlashtirish idoralarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun Turkiyaning TURKAK tomonidan 2017 yilning 1-choragida halqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tkazish rejalashtirildi.
Respublikada 17155 ta ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud bo‘lib, shundan 3306 tasi sertifikatlashtirildi. Agentlik tomonidan 3306 ta korxonalarga jami 3431 ta muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan ISO 9001 - 3134 ta, ISO 14001 - 54 ta, OHSAS 18001 - 68 ta, ISO 22000 - 72 ta, ISO 50001 - 11 ta, ISO/TS 16949 - 34 ta va GMP - 9 ta va uyg‘unlashgan MTni 55 ta tashkil etadi.
Bu ko‘rsatkich Respublika xududlari va iqtisodiyot tarmoqlari kesimida.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 19 oktyabrdagi «2020 yilgacha bo‘lgan davrda Sifat milliy infratuzilmasini rivojlantirish Dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 298-sonli qarori yuzasidan 2016 yilda rejalashtirilgan 785 ta (Vazirlar Mahkamasining Komplekslari kesimida 136 ta va xududlar kesimida 649 ta) korxonalar halqaro standartlar asosida sertifikatlashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 24 apreldagi PF-4720-son farmoniga asosan 2016 yilda xududlar kesimida sifat tizimlarini joriy etish bo‘yicha belgilangan jami 118 ta aksionerlik jamiyatlarida to‘liq halqaro standartlar joriy etildi va sertifikatlashtirildi.
Shuningdek, Agentlik rahbariyati tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga bir muncha qulayliklarni yo‘lga qo‘yish uchun «Menejment tizimlarini sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom ishlab chiqildi va Adliya vazirligi tomonidan 2754-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur nizomga asosan korxonalarda joriy etilgan sifat menejmenti tizimlarini muvofiqligini tasdiqlash yuzasidan rasmiylashtirilgan muvofiqlik sertifikatlarining amal qilish muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi.
Respublika xududlar kesimida jami 828 eksportyor korxonalarining 202 tasi sertifikatlashtirilib, shundan 151 tasi milliy darajada, 51 tasi halqaro darajada sertifikatlashtirildi.
Bundan tashqari xozirda qolgan 626 ta eksportyor korxonalarda sifat tizimlarini joriy etish ishlari yo‘lga qo‘yilib, ushbu korxonalarning 54 tasi halqaro darajada tan olingan DQS, Cert International, SGS, Astraia Management va O’zTTM sertifikatlashtirish idoralari tomonidan sertifikatlashtirildi.