Erkin iqtisodiy zonalar faoliyati takomillashmoqda
Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan erkin iqtisodiy zonalar yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, hududlarda zamonaviy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni kengaytirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan seminarda bu alohida qayd etildi.
Seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, olimlar, ekspertlar, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Parlament quyi palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi A.Shodmonov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 26-oktabrdagi «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bu yo‘nalishdagi islohotlarni chuqurlashtirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Unga binoan jahon standartlariga mos, tashqi bozorlarda raqobatbardosh va xaridorgir mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlaydigan, zamonaviy, ilg‘or va yuqori unumli texnologiyalarni tashkil etish va joriy qilish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha qulay shart-sharoitlar yaratish, ushbu hududlarning sanoat salohiyatini, ishlab chiqarish, transport-tranzit va ijtimoiy infratuzilmasini yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Farmon asosida erkin iqtisodiy zonalarning muayyan sohaga ixtisoslashuvini qo‘llab-quvvatlash va ularda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, sifatli logistika xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish mo‘ljallanmoqda.
«Angren» va «Jizzax» erkin iqtisodiy zonalari ishtirokchilari faoliyati davomida eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida olib kelinadigan xomashyo, material va butlovchi buyumlar uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilishi, zonalar doirasida ishtirokchilar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq xorijiy valyutada hisob-kitob qilinishi va to‘lanishi belgilanmoqda.
Seminarda erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar mazmun-mohiyatini aholining barcha qatlamiga yetkazish, tadbirkorlik subyektlari vakillari o‘rtasida faol targ‘ib qilish, qabul qilinayotgan hujjatlar ijrosining ta’sirchan monitoringini yo‘lga qo‘yishga doir fikrlar bildirildi.
Manba: O'zA