Tadbirkorga to‘siq qo‘yish siyosatga to‘sqinlikdir
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan e’tibor tufayli bu soha yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Bu tarmoq o‘zining iqtisodiyotimizdagi o‘ta muhim va salmoqli hissasi, roli va ta’siri bilan davlatimiz va jamiyatimiz taraqqiyotida tobora muhim o‘rin egallayotir. O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish prognozlari bo‘yicha dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakatdan biri sifatida tan olingani zamirida ham soha vakillarining munosib hissasi bor.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida xususiy mulk va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish va ularning ta’sirchan himoyasini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbarining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan farmon ijrosi doirasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlar duch kelayotgan muammolar bartaraf etilayotir.
– Farmonga muvofiq tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyilining so‘zsiz amalga oshirilishi ta’minlanmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Tadbirkorlik subyektlari va xorijiy investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aktam Muhammadiyev. – Tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, ularning faoliyatini asossiz to‘xtatib qo‘yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari talablari qat’iy bajarilishi, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zararning bevosita aybdorlardan undirilishi tartibi yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu me’yorlar ijrosini ta’minlashda adliya idoralari sohada o‘rganishlar o‘tkazishni tashkil etish, balki ularning murojaatlariga alohida e’tibor qaratayotir. Zero, bugun tadbirkorlar qayerda muammoga duch kelsa, tizimda tashkil etilgan 1008 qisqa raqamli «ishonch telfoni»ga murojaat qilmoqda.
Misol uchun, Namangan shahrida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkor M.Abduboyev “ishonch telefoni”ga murojaat qilib, o‘ziga berilgan soliq imtiyozidan foydalana olmaganini bildirgan. Adliya xodimi ushbu holatni o‘rganganda bu o‘z tasdig‘ini topdi. Tegishli tartibda kiritilgan taqdimnomaga muvofiq tadbirkorga 850 ming so‘m mablag‘i qaytarib berildi. Imtiyoz qo‘llashni g‘ayriqonuniy rad etganligi uchun inspeksiya xodimi F.Hamroqulovga sud qarori bilan jarima qo‘llanildi.
2016-yilda “ishonch telefoni”ga shu kabi 718 murojaat tushgan bo‘lsa, ularning aksariyati hal etilib, tadbirkorlar duch kelayotgan muammolar bartaraf etildi. Murojaatlarni o‘rganish asnosida turli idoralarga 72 taqdimnoma, sudlarga 325,8 million so‘mdan ortiq da’vo arizasi kiritildi. Ko‘rilgan choralar natijasida 40 mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka, 19 nafari ma’muriy javobgarlikka va 2 mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi.
Tadbirkorlik faoliyati rivojiga xalal berayotgan masalalardan biri bu – noqonuniy tekshirishlardir. 2016-yilda 34 tadbirkor faoliyatida noqonuniy tekshirish o‘tkazilganligi, 1,4 mingdan ziyod holatda tekshirish o‘tkazish tartibi buzilishiga yo‘l qo‘yilgani bu fikrni tasdiqlaydi. Noqonuniy tekshirishlarga asosan Namangan, Buxoro, Qashqadaryo, Andijon, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida yo‘l qo‘yilgan. Mazkur holatlar yuzasidan 224 aybdor shaxs intizomiy, 59 shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 29 noqonuniy qarori bekor qilindi. Toshkent shahar standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi tomonidan “Sport jihoz lyuks” xususiy korxonasida ruxsatsiz tekshirish o‘tkazilgan. Bu haqda adliya xodimi tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu holatga yo‘l qo‘ygan D.Tajiyevga sud qarori bilan jarima tayinlandi.
O‘tgan yilda tadbirkorlardan kelib tushgan 3 mingdan ortiq murojaat ko‘rib chiqilib, qonuniy hal etildi. Adliya idoralari tomonidan tadbirkorlik subyektlari va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida tegishli tashkilotlarga taqdimnoma, ogohnoma kiritilib, tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklandi. Ta’sir choralari natijasida 1857 mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, 122 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zararning bevosita aybdorlardan undirilishi tartibini amaliyotda qo‘llashga e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yilda sudlarga tadbirkorlar foydasiga 202 nafar mansabdor shaxsdan 116,5 million so‘m moddiy va ma’naviy zararni undirish yuzasidan da’vo arizasi kiritildi va ularning barchasi qanoatlantirildi.
Yuqorida nomi qayd etilgan farmonda belgilangan normalarni amaliyotga to‘liq tatbiq etish maqsadida 2016-yil 30-dekabrda “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonunga muvofiq, 2017-yil 1-yanvardan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rejadan tashqari va muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilindi. Bu tadbirkorlarimiz uchun yaratilgan ulkan qulaylik bo‘lib, ularning erkin faoliyat yuritishiga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, amaliyotda muqobil tekshirishlarni o‘tkazishda turlicha yondashuvlarga yo‘l qo‘yilayotgan edi. Ya’ni, bir tadbirkorda o‘tkazilayotgan tekshirish yoki jinoyat ishi doirasida ikkinchi tadbirkor bilan bog‘liq munosabatlari aniqlansa, ikkinchi tadbirkor faoliyatini ham to‘liq tekshirish holatlari uchrab turardi. Bu tadbirkorlarimizning haqli noroziliklarini keltirib chiqarardi. Endilikda bunday tekshirishlarga batamom barham berildi.
Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik subyektlari va ularning xodimlarini hamda tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan amalga oshirayotgan shaxslarni, ular tomonidan yetkazilgan zarar qoplangan va huquqbuzilishi oqibatlari belgilangan muddatlarda ixtiyoriy bartaraf etilgan taqdirda, javobgarlikning barcha turlaridan ozod qilinadi. Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazo qo‘llash taqiqlandi.
Ko‘rsatib o‘tilgan normalar tadbirkorlik subyektlarini ikki marta jazolashni istisno etibgina qolmay, balki birinchi marta huquqbuzarlikni sodir etgan fuqarolarga o‘zining tadbirkorlik faoliyatini salbiy oqibatlarsiz davom ettirish imkonini beradi. Bu chora ularning ishbilarmonlik faolligini rag‘batlantirishga ham yo‘naltirilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun tadbirkorlar manfaatlari – davlat va qonun himoyasida. Ana shu maqsadga qaratilgan chora-tadbirlar izchil ta’minlanmoqda. Tadbirkorlar bu imkoniyatlardan yanada unumli foydalanishi, o‘z haq-huquqlarini puxta bilib, ularning amalda qo‘llanilishini talab qilishi maqsadga muvofiq. Shundagina yaratilayotgan imkoniyatlar o‘z samarasini berib, mamlakatimiz yanada taraqqiy etaveradi.
Manba: O'zA