Oʼzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentiligi direktori Аkmal Jumanazarov Buxoro muhandislik-texnologiya institutida boʼlib fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʼrtasidagi oʼzaro hamkorlik integratsiyasini mustahkamlash va raqobatbardosh, mustaqil fikrlaydigan malakali kadrlarni birgalikda tayyorlash borasida institutning “Metrologiya va standartlashtirish” kafedrasi, Metrologiya, standartlashtirish va mahsulot sifati menejmenti bakalavriat taʼlim yoʼnalishidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuvda Institut rektori Sadoqat Siddiqova Oʼzbekiston milliy metrologiya instituti Buxoro filiali masʼullari bilan yoʼlga qoʼyilgan hamkorlik yuzasidan maʼlumot berdi.
Shuningdek, А. Jumanazarov “Metrologiya va standartlashtirish” kafedrasida tashkil qilingan ilmiy innovatsion laboratoriyadagi ilmiy-tadqiqot ishlari bilan tanishish jarayonida laboratoriyaning kafedra professor-oʼqituvchilari tomonidan ilmiy izlanishlar va talabalarning oʼquv amaliyot mashgʼulotlarida oʼlchashlarni yuqori aniqlikda olib boradigan qurilmalardan foydalanib oʼz malakalarini oshirib borayotganliklari, bunday laboratoriyaning tashkil qilinishi ilmiy izlanishlar natijasida kafedraning ilmiy salohiyatini oshishiga va talabalarning taʼlim sifatini yuqori darajalarga koʼtarishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Safar davomida Аgentlik direktori Аkmal Jumanazarov Buxoro viloyatida faoliyat koʼrsatayotgan bir qator sanoat korxonalarida boʼlib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati, eksport imkoniyatlari va ularning standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirishga oid muammo va murojaatlari bilan tanishdi.