O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi to‘g‘risida axborot
2017-yil 14-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016-yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017-yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlis ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari, hukumat a’zolari, xo‘jalik birlashmalari, jamoatchilik tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari, viloyat, shahar va tuman hokimlari qatnashdilar. Birinchi bor viloyat, shahar va tumanlar markazlarida tashkil etilgan studiyalar bilan videokonferensiya aloqasi orqali hukumat majlisida mahalliy hokimiyat, vazirlik, idoralar hududiy bo‘linmalari, korxonalarning rahbar xodimlari va tadbirkorlar ishtirok etdilar.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’ruza qildi.
Ma’ruzada O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov boshchiligida ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ni va mamlakatni o‘rta muddatli istiqbolda yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va modernizatsiya qilish Dasturini izchil amalga oshirishni davom ettirish 2016-yilda iqtisodiy o‘sishning barqaror va yuqori sur’atlarini saqlab qolishni va makroiqtisodiy muvozanatni, aholi hayot darajasi va sifati oshishini ta’minlaganligi qayd etib o‘tildi.
Vazirlar Mahkamasi majlisi kun tartibiga kiritilgan muhim masalalarni muhokama qilish davomida 2016-yil yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulot 7,8 foizga o‘sganligi qayd etib o‘tildi. Sanoat mahsuloti hajmlari – 6,6 foizga, qurilish-pudrat ishlari – 12,5 foizga, chakana savdo aylanmasi – 14,4 foizga, xizmatlar – 12,5 foizga o‘sdi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi ta’minlandi. Inflatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi va 5,7 foizni tashkil etdi.
Iqtisodiyotga 16,6 milliard AQSh dollari miqdorida yoki 2015-yilga nisbatan 9,6 foizga ko‘p investitsiyalar yo‘naltirildi. O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 11,3 foizga o‘sdi va 3,7 milliard dollardan oshib ketdi. Umumiy qiymati 5,2 milliard dollar bo‘lgan 164 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish yakunlandi. Shu jumladan, “JM O‘zbekiston” aksiyadorlik jamiyatida “T-250” modeldagi yengil avtomobillarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi, Jizzax viloyatida sement zavodi kengaytirildi, Tolimarjon issiqlik energiya stansiyasida quvvati 900 MVt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmalari hamda Angren issiqlik energiya stansiyasida quvvati 150 MVt bo‘lgan yuqori kulli ko‘mirni yoquvchi energiya bloki ishga tushirildi.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarini mamlakatning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan, Qamchiq tog‘li dovoni orqali o‘tuvchi 19 kilometrlik noyob tunnelga ega bo‘lgan elektrlashtirilgan yangi Angren – Pop temir yo‘l liniyasi qurildi. Toshkent – Buxoro marshruti va qarama-qarshi yo‘nalish bo‘yicha yuqori tezlanishli “Afrosiyob” yo‘lovchi tashuvchi elektropoyezdlar harakati tashkil etildi.
Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya va diversifikatsiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturiy chora-tadbirlar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish hajmlarini 6,6 foizga, jumladan, meva-sabzavot – 11,2 foizga, kartoshka – 9,7 foizga, sabzavot mahsulotlari yetishtirish 10,4 foizga o‘sishini ta’minladi.
Xususiy mulk va tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab- quvvatlash va himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi 2016-yilda 32 mingtaga yaqin yoki 2015-yilga nisbatan 18 foizga ko‘p kichik biznes subyektlari tashkil qilinishiga turtki bo‘ldi. Kichik biznesning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi hissasi 56,9 foizgacha, sanoatda esa 45 foizgacha oshdi.
Ijobiy tarkibiy o‘zgartirishlar va iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlari tufayli aholining real daromadlari 11 foizga oshdi. Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 15 foizga, pensiya va ijtimoiy nafaqalar – 12,1 foizga, aholi jon boshiga real daromadlar – 11 foizga o‘sdi, 726 ming nafarga yaqin aholining, shu jumladan, 438,5 ming kollej bitiruvchisining bandligi ta’minlandi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida ona va bolaning salomatligini muhofaza qilishni kuchaytirish, sog‘lom va har tomonlama rivojlangan avlodni shakllantirish bo‘yicha keng chora-tadbirlar kompleksi amalga oshirilib, ularni moliyalashtirishga barcha manbalar hisobidan 8 trillion so‘m va 212 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi.
Mamlakat Prezidenti o‘z ma’ruzasida mavjud hal bo‘lmagan muammolar va to‘liq ishlatilmagan zaxiralarni batafsil va har tomonlama muhokama qilgan holda 2017-yildagi respublikaning iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim strategik vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha taklif kiritdi. Ustuvor vazifalar qatorida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturini amalga oshirish doirasida aholi bilan doimiy va ochiq muloqotni rivojlantirishga, aholi turmush darajasi va sifatini, uning moddiy farovonligini oshirishga qaratilgan ijtimoiy siyosatni faol davom ettirish masalalari markaziy o‘rinni egalladi.
Hukumat, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari oldiga tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishdagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, faol investitsiya siyosatini davom ettirish, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish, hududlarni kompleks va intensiv ravishda rivojlantirish, tadbirkorlikning huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, iqtisodiyotni boshqarishdagi davlat rolini bosqichma-bosqich kamaytirish va uning organlari ishini tubdan takomillashtirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Shahar va qishloq joylarida aholi turmush sharoitini yaxshilashni ta’minlovchi arzon uy-joylarni qurish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiya qilish borasida qabul qilingan yangi maqsadli dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha muhim vazifa va choralar belgilandi.
Majlisda kun tartibini muhokama qilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari, qator vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining hisobotlari eshitildi.
Yo‘l qo‘yilgan xatolar va kamchiliklar, tashabbussizlik uchun ayrim rahbarlar ularni bartaraf etish hamda respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlarni yanada jadal rivojlantirish bo‘yicha o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali ijrosini ta’minlashda shaxsan javobgar ekanliklari haqida ogohlantirildilar.
O‘tkazilgan majlis yakunlari bo‘yicha mamlakat Prezidenti tomonidan hukumat, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va hokimliklar rahbarlari oldiga quyidagi aniq ustuvor vazifalar va talablar qo‘yildi:
birinchi – 2017-yilgi iqtisodiy va ijtimoiy dasturning o‘n bitta eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
ikkinchi – iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va respublika hududlarida ishlarning holatini tizimli tanqidiy tahlil qilish va shu asosda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari hamda ustuvor vazifalariga tegishli tuzatishlar kiritish;
uchinchi – yakuniy ish natijalari, qattiq intizomga rioya qilish hamda tobora ortib borayotgan zamonaviy talablarga muvofiq boshqaruv tizimi samaradorligini kuchaytirish borasida rahbarlar va mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish.
Muhokama yakunlari bo‘yicha respublika hukumati qarori qabul qilinib, 2017-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
Manba: gov.uz