«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi doirasida yangi film suratga olindi

Poytaxtimizning Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida “Dadam betob” badiiy filmining ommaviy axborot vositalari vakillari uchun namoyishi bo‘lib o‘tdi. 
Film «Sog‘lom ona va bola yili" Davlat dasturi ijrosi doirasida “O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga binoan “O‘zbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan. 
Tadbirda mamlakatimizda milliy kinematografiyani har tomonlama rivojlantirish, buning uchun zarur moddiy va ma’naviy sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani haqida so‘z yuritildi. Birinchi Prezidentimizning 2004-yil 16-martdagi “Kinematografiya sohasida boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 
Filmda o‘zbek xalqining oilaparvar, yurtparvar ekani, oilani muqaddas bilishi, milliy an’analarga sodiqligi tarannum etilgan. Hayotiy va ta’sirchan lavhalarda ozod va obod Vatanimizni, mustaqilligimizni, tinchlik va osoyishtalikni ko‘ra olmagan yovuz kuchlar qoralanadi. Kinoasar voqealari musaffo osmonimizni, baxtiyor, to‘kin va farovon hayotimizni qadrlashga, ularni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashda mas’uliyatni astoydil his etishga chorlaydi. 
Ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor – Zulfiqor Musoqov. Postanovkachi operator – Aziz Arziqulov. Postanovkachi rassom – Mariya Sashina. Asosiy rollarni Feruza Saidova, Yulduz Rajabova, Farhod Abdullayev, Bahriddin Abdullayev, Xayrulla Sa’diev kabi aktyorlar ijro etgan. 

Manba: O'zA