Qonunbuzarlikka murosasiz bo‘laylik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimlari, Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Davlat boshqaruvi akademiyasi professor-o‘qituvchilari, tinglovchilari ishtirok etdi. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori M.Aliyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Qurbonov, Bosh prokuratura mas’ul xodimi X.Tursunbekov, Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i I.Turg‘unov va boshqalar O‘zbekistonda inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi izchil takomillashtirilayotgani, bu xalqning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. 
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev jamiyatimizda qonunga hurmat, huquqbuzarlik holatlariga murosasizlik hissini kuchaytirishni izchil davom ettirish zarurligiga e’tibor qaratayotir. Jamiyat rivojiga g‘ov bo‘layotgan illat – korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingani bu borada muhim qadam bo‘ldi. 
Qonun davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshiradi. Jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning namoyon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning barcha shakllariga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirishga huquqiy zamin yaratdi. 
Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi subyektlar faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini kuchaytirish maqsadida qonunda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika va hududiy idoralararo komissiyalarni tashkil etish hamda uning tarkibiga jamoat birlashmalarining vakillarini, tadbirkorlarni va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining xodimlarini kiritish nazarda tutilgan. 
Ushbu hujjat xususiy mulkni g‘ayriqonuniy tajovuzlardan, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlardan himoyalashga qaratilgan. 
Davra suhbatida davlat boshqaruvi organlari, nazorat etuvchi va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyatida qonunchilikka amal qilinishi ustidan nazorat kuchaytirilishi qayd etildi. Qonunchilik me’yorlarini buzishga, ularni noto‘g‘ri hamda o‘zboshimchalik bilan talqin etishga, rasmiyatchilik va korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik mamlakatni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. 
Tadbir yakunida ishtirokchilar ushbu sohada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan islohotlar yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi. 

Manba: O'zA