Marg‘ilonlik mohir hunarmand yetti iqlimga mashhur atlas tasvirlarini kulolchilik buyumlariga ko‘chirmoqda

Mamlakatimizda milliy-madaniy merosimiz, jumladan, hunarmandlikni yanada rivojlantirish, hunarmandlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularga turli imtiyoz va imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 2 dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni xalqimizning qadimiy va noyob madaniyatini yanada rivojlantirish, milliy hunarmandlik mahsulotlarini keng targ‘ib etish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda ko‘plab hunarmandlar tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, turli milliy mahsulotlarni ishlab chiqarmoqda. 

Isroiljon Mamajonov Marg‘ilonning mohir hunarmandlaridan. U yetti iqlimga mashhur bejirim atlas tasvirlarini endilikda kulolchilik namunalariga ko‘chirmoqda. U tayyorlagan qadim atlas va adraslarning kayfiyatni chog‘ qiluvchi kamalakrang betakror naqshlari lagan, likopcha, choynak, piyola va guldonlarda jilvalanib, hunarmand mehnatini ko‘z-ko‘z qiladi. 

– Mamlakatimizda milliy hunarmandlik, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor, yaratilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlar faoliyatimiz rivojida muhim omil bo‘layotir, – deydi I.Mamajonov. – “Koshin naqsh qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etib, san’at namunalarini ishlab chiqarmoqdamiz. Qo‘l mehnati bilan birga, xorijdan keltirilgan yuqori haroratda buyumlarga gul bosuvchi zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etganmiz. 

Bu yerda hunarga ishtiyoqmand yoshlar Sharq miniatyurasi, milliy va tarixiy an’analar, anvoyi gullar, zamonaviy ob’ektlar tasvirini buyumlarda mohirlik bilan ifodalamoqda. Korxona mahsulotlari, ayniqsa, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlarida xaridorgir. Bu yerda ichki bozor uchun kuniga 1000, tashqi bozorga 3000 tagacha mahsulot tayyorlanmoqda. Ushbu mahsulotlarni Marg‘ilon shahriga kelgan xorijlik sayyohlar ham mamnuniyat bilan xarid qilishmoqda. Korxonada chinni buyumlarga ishlov berish tarmog‘ini tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Manba: www.uza.uz