Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlar bilimini oshirdi


Gulistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. 


“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan tashkil etilgan seminarda mahalliy Kengashlar deputatlari, iqtisodchilar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari, yoshlar ishtirok etdi. 

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida soha subyektlarining samarali faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyat va imtiyozlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Mazkur farmon ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni himoya qilish, sohadagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlarga keng imkoniyat yaratish, qulay ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashda muhim dasturilamal bo‘layotir. 

Ayni paytda viloyatda 7 ming 300 ga yaqin kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. 2016-yilda tadbirkorlarga tijorat banklari tomonidan qariyb 50 milliard so‘mlik kredit mablag‘i ajratilgani natijasida 7 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi. Bu bozor iqtisodiyotining muhim talablaridan bo‘lgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, miqdor va sifat ko‘rsatkichlarining yuksalishiga xizmat qildi. Ichki va tashqi bozor yangi mahsulotlar bilan boyidi. 

– Prezidentimizning ushbu farmoni tadbirkorlik rivojida yangi bosqichni boshlab berdi, – deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi o‘rinbosari A.Yusupova. – Bu hujjat soha subyektlari erkinligini kengaytirib, tadbirkorlik faoliyatiga turli asossiz aralashuvlarga chek qo‘yadi va ortiqcha ovoragarchilik holatlari barham topadi. Viloyatimizda 2 mingdan ortiq xotin-qiz tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda. 

Seminarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, biznes-reja tuzish, kredit olish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi, tijorat banklari tomonidan mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatishning huquqiy asoslari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.

Manba: www.uza.uz