Axborot texnologiyalari sohasining rivojlanish istiqbollari muhokama etildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va davlat byudjeti parametrlari: axborot sohasining rivojlanish istiqbollari” mavzuida seminar o‘tkazildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Iqtisodiyot, Moliya, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Matbuot va axborot agentligining mas’ul xodimlari, biznes va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Parlament quyi palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 27-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarori axborot sohasini yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Telekommunikatsiya tarmoqlari, simsiz va mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish mamlakatimiz iqtisodiyotining o‘sishi, uning raqobatbardoshligini oshirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Joriy yilda mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lovlaridan shakllanadigan mablag‘larning davlat byudjetiga yo‘naltiriladigan ulushi bevosita abonent ro‘yxatga olingan joydagi mahalliy byudjetga o‘tkazib beriladi. Bu mintaqalarning o‘zini-o‘zi moliyaviy ta’minlash darajasini oshirish imkonini yaratadi.
2017-yilda mahalliy dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilarini rag‘batlantirish choralarini yanada kuchaytirish bo‘yicha davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash amaliyoti davom ettiriladi. Xususan, mahalliy dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilarga soliq va boshqa imtiyozlar taqdim etilishi 2020-yil 1-yanvargacha uzaytirildi. Bu mazkur tarmoq milliy iqtisodiyotning serdaromad, innovatsion sektoriga aylanishiga xizmat qiladi.
Birinchi Prezidentimizning 2006-yil 17-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida 2006-2010-yillarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan axborot-resurs markazlari, axborot-kutubxona markazlari ko‘rsatadigan xizmatlar uchun belgilangan soliq imtiyozlari 2020-yil 1-yanvargacha uzaytirilgan. Ushbu imtiyozlar axborot-resurs va axborot-kutubxona markazlarining aholini ijtimoiy ahamiyatga molik axborotlardan keng foydalanishini ta’minlash, yoshlarda kitob o‘qishga muhabbatni shakllantirish, jamiyatda muhim va ishonchli axborotlarni tarqatish borasidagi rolini yanada oshirish imkonini beradi.
Birinchi Prezidentimizning 2011-yil 30-dekabrdagi “Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ommaviy axborot vositalariga taqdim etilayotgan imtiyozlarning yana ikki yilga uzaytirilishi tarmoq korxonalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, jurnalistlar mehnatini moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish, milliy mass-media vositalarining raqobatbardoshligini oshirishga zamin yaratadi.
Ommaviy axborot vositalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan grantlar ajratish, subsidiya va davlat buyurtmalari shaklida ko‘rsatilishi davom ettirilmoqda.
Manba: www.uza.uz