2016-yilda markaziy harbiy sport klubi a’zolari 339 oltin medalni qo‘lga kiritdi
...Vatanimiz sharafini himoya qilish, davlatimiz bayrog‘ini doimo baland tutish bizning ham sportchi, ham harbiy ofitser sifatidagi muqaddas burchimizdir. Bu tuyg‘u bizga g‘ayrat-shijoat bag‘ishlaydi, yangi-yangi g‘alabalar sari ruhlantiradi. Har safar nufuzli musobaqalardagi g‘alabamdan so‘ng davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganida, sportchi va harbiy sifatida O‘zbekiston farzandi bo‘lganimdan faxr-iftixor tuyg‘ulari qalbimda jo‘sh uradi.
Bu – uch karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori, dzyudo bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Rishod Sobirovning so‘zlari.
Tinch yurtga bayramlar yarashadi, deydi xalqimiz. Yaqindagina shodu xurramlik, zavqu shavq bilan qarshi olgan Yangi yil bayrami shukuhi tark etmay turib, yurtimizda yana bir qutlug‘ sana – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 25-yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini keng nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Zero, Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, jamiyatimiz taraqqiyoti, xalqimizning baxtli va farovon hayot kechirishida harbiy xizmatchilarning hissasi bor.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy harbiy sport klubi faoliyati, harbiy sportchilarimizning 2016-yilgi sport mavsumida erishgan yutuqlari tahsinga loyiq. Chunki qalbida vatanparvarlik, yurtga sadoqat tuyg‘usi jo‘sh urgan harbiy sportchilarimizning turli nufuzli musobaqalarda erishayotgan yuksak natijalari bilan har qancha faxrlansak arziydi. Ular ham sportchi, ham harbiy xizmatchi sifatida o‘zining sharafli vazifasiga mas’uliyat bilan yondashishni, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishni asosiy maqsadi, deb biladi.
Mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida milliy armiyamiz saflariga har tomonlama sog‘lom, chuqur bilimga ega yigitlar saralab olinmoqda. Bu jarayonda markaziy harbiy sport klubi yuksak salohiyatli va iste’dodli harbiy sportchilarni tarbiyalaydigan vatanparvarlik va jasorat maktabi vazifasini o‘tamoqda.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 1993-yil 19-martdagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan mazkur harbiy sport klubi Qurolli Kuchlarimiz safini jismoniy va ma’naviy sog‘lom yoshlar bilan to‘ldirish, harbiylarimizni sportga keng jalb etish, mamlakatimiz olimpiya zaxiralariga mahoratli sportchilar va malakali murabbiylar yetishtirib berishga munosib hissa qo‘shayotir.
Bugungi kunda mazkur klubda yetti yuzdan ziyod yigit-qiz sportning boks, basketbol, erkin va yunon-rum kurashi, harbiy-amaliy sport turlari va harbiy-amaliy yakkakurashlar (armrestling, qo‘l jangi, universal jang, avtosport), suv polosi, baydarka va kanoeda eshkak eshish, dzyudo, milliy kurash, yengil va og‘ir atletika, taekvondo, tennis, o‘q otish, trampolin, sambo va regbi kabi turlari bo‘yicha tajriba va mahoratini oshirmoqda. Ulardan 10 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, 43 nafari xalqaro toifadagi sport ustasidir.
Markaziy harbiy sport klubida sportchilarning harbiy tartib-intizomi, ma’naviy-ruhiy tayyorgarligi, mamlakatimiz mustaqilligi va xavfsizligini mustahkamlashdagi faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu ularning irodali, matonatli, mard va jasur, har qanday vaziyatda Vatan himoyasiga qodir, yuqori malakali kadrlar bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etayotir.
Qator sport turlari bo‘yicha mashg‘ulot jarayonlari MHSK tizimida faoliyat yuritayotgan malakali murabbiylar rahbarligida o‘tkaziladi. Klub a’zolari sport bilan shug‘ullanish barobarida o‘z kasb mahoratini oshirish, mudofaa tizimidagi boshqa sohalarda faoliyat yuritish imkoniga ham ega.
Klubning mamlakatimiz sport federatsiyalari bilan hamkorlikda ish olib borayotgani harbiy sportchilarga o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini yuqori saviyada tashkil etish, xalqaro musobaqalarda qatnashish imkonini bermoqda. MHSKning 263 sportchisi bugungi kunda qator sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalarimiz tarkibida qit’a va jahon chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o‘yinlari kabi nufuzli musobaqalarda yuksak natijalarga erishayotir.
2016-yilgi sport mavsumida markaziy harbiy sport klubi vakillari mamlakat va xalqaro miqyosdagi turli darajadagi musobaqalarda 339 oltin, 236 kumush, 226 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
O‘tgan yilgi sport mavsumining eng muhim voqealari – Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlarida MHSK vakillari ham mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib, yuksak g‘alabalarga erishdi. Tajribali dzyudo ustasi Rishod Sobirov Olimpiya o‘yinlarining uchinchi bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bokschilarimizdan Bektemir Meliqo‘ziyev kumush, Murodjon Ahmadaliyev bronza medalni qo‘lga kiritdi. XV Paralimpiya o‘yinlarida Odiljon Tulendiboyev o‘z vazn toifasida tengsiz, deb topildi. Shuhrat Boboyev va Feruz Sayidov shohsupaning uchinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.
– Nufuzli musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz zamirida mamlakatimizda sportni rivojlantirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilayotgan ulkan e’tibor mujassam, – deydi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari sovrindori Bektemir Meliqo‘ziyev. – Bunday e’tiborga javoban kelgusida jahon maydonlaridagi nufuzli sport anjumanlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, uning obro‘-e’tiborini yuksaltirishni asosiy burchimiz, deb bilamiz.
Manba: O'zA