Shaxmatchilarimiz o‘tgan yilgi nufuzli musobaqalarda jami 67 medalni qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston milliy matbuot markazida mamlakatimiz shaxmat federatsiyasining 2016-yil yakunlari va 2017-yildagi vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda mamlakatimizda navqiron avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, yuksak intellektual salohiyatli etib voyaga yetkazish, sportning barcha turlari qatori shaxmatni izchil rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida o‘zbek shaxmat maktabi vakillari nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgani ta’kidlandi.
2016-yilda shaxmatchilarimiz qirqga yaqin nufuzli musobaqada ishtirok etib, 40 oltin, 15 kumush va 12 bronza medalni ko‘lga kiritdi.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tgan «Osiyo millatlar kubogi»da ikki yo‘nalishda kumush medalni ko‘lga kiritdi. Yoshlar terma jamoasi a’zolari Mo‘g‘ulistonda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 10 medalni ko‘lga kiritib, umumjamoa hisobida shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. Eronda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida yosh shaxmatchilarimiz 7 oltin, 2 kumush, 2 bronza medaliga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston vakillari Sochi shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi o‘tkazilgan jahon chempionatida 36,5 ochko jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Mamlakatimizda 2016-yili uch yirik musobaqa – Georgiy A’zamov xotirasiga bagishlangan X xalqaro "Toshkent open" turniri, ayollar va erkaklar o‘rtasida Osiyo chempionati hamda jahon shaxmat yulduzlarining xalqaro turnirlari tashkil etildi. Undan tashqari 30 ga yaqin musobaqa o‘tkazildi.
Anjumanda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Manba: O'zA