Nukus shahrida yangi savdo markazi ish boshladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ham aholiga keng qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bozorlar, zamonaviy savdo markazlari, turli xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bunyod etilib, foydalanishga topshirilayotir.
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining dastlabki kunlarida shahar markazida yana bir yangi savdo markazi ishga tushirildi. Bu yerda aholi dasturxoniga 15 dan ziyod turdagi go‘sht va go‘sht mahsulotlari taqdim etilmoqda.
Tadbirkor Bekpo‘lat Qo‘simbetov tashabbusi bilan bunyod etilgan markazda sotuvchilar uchun ham, xaridorlar uchun ham barcha qulaylik yaratilgan. Shu yerning o‘zida xaridor talabiga ko‘ra go‘shtni maydalab, qiyma ham tayyorlab beriladi. Yosh bolali xaridorlar uchun bolalar aravachasi qo‘yadigan maxsus joy ajratilgan.
– Markazda oshpazlar ham bor, – deydi tadbirkor B.Qo‘simbetov. – Buyurtma asosida shu yerning o‘zida yangi so‘yilgan go‘shtdan qazi va kabob tayyorlab berilmoqda. Xaridorlarga qoramol, qo‘y va parranda go‘shtlari taklif etilayotir. Mamlakatimizda yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib, kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirish, yigirmadan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etishni rejalashtirganmiz.
Yangi savdo markazi ish boshlashi bilan kasb-hunar kollejlarini bitirgan 10 nafar yosh mutaxassis doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Manba: UzA