Unda Oliy Majlis Senatorlari va tegishli vazirlik, idoralar hamda Agentlik va uning hududiy boʻlinmalari masʼullari ishtirok etdilar.
Majlisda mazkur qonunning ahamiyati, tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar uchun muhim ekanligi, shu bilan birga milliy mahsulotlarimizning sifatini taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Bosh direktori D.Sattarovning “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi yangi qonuni 31 ta moddadan iborat boʻlib, standartlashtirish sohasidagi xalqaro talablar va ilgʻor xorijiy tajriba qamrab olinganligi yuzasidan axboroti tinglandi.
Shuningdek, qonunda “davlat standarti” tushunchasi “milliy standart” tushunchasiga oʻzgartirilgani, milliy standartlar ixtiyoriy asosda qoʻllanilishi ishlab chiqaruvchilar uchun yana bir imkoniyat ekanligi taʼkidlandi.
Yangi qonunning qabul qilinishi bilan 18 mingdan ortiq standartlar majburiylikdan ixtiyoriylikka oʻtishi, xalqaro, mintaqaviy va xorijiy standartlarni yurtimizda qoʻllash tartibi joriy etilishi, bunda ular Milliy idoraning qarori bilan milliy standartlar sifatida oʻzgarishsiz qabul qilinishiga eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari yangi qonunda idoralar kesimida standartlashtirish boʻyicha ishlarni alohida-alohida olib borish amaliyoti bekor qilinib, standartlarni ekspertizadan oʻtkazish, tasdiqlash, roʻyxatga olish, yangilash toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilishni standartlashtirish boʻyicha milliy idora – Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi Oʻzbekiston standartlar institutiga berilayotgani mazkur sohadagi shaffoflikni taʼminlashga yordam berishi taʼkidlab oʻtildi.
Majlis davomida hududlardan saylangan Senatorlarning mazkur Qonunni yanada takomillashtirishga oid takliflari ham tinglandi.