Poytaxtimizda “Mening armiyam – mening faxrim!” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi
Toshkent Fotosuratlar uyida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Mening armiyam – mening faxrim!” deb nomlangan tanlov-ko‘rgazma o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 25-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ko‘rgazmada yuzga yaqin ijodiy ishlar namoyish etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining o‘rinbosari M.Soliyev, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi o‘rinbosari F.Toshmuhamedov va boshqalar mamlakatimiz sarhadlari daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligini ishonchli himoya qilishga qodir milliy armiyamiz shakllanganini ta’kidladi.
– Bu kabi tanlovlar harbiy xizmatchilarni Vatanga muhabbat, tanlagan kasbiga sadoqat ruhida tarbiyalash, yuksak jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish, o‘quv va xizmat intizomiga rioya ztishini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega, – deydi Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchisi Shavkat Ismatov. – Har bir ijodiy ishda milliy armiyamizning kuch-qudratini yanada oshirish, xalq va armiya birdamligini mustahkamlash kabi g‘oyalar mujassam.
Mazkur tanlovdan ko‘zlangan maqsad Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan yutuqlarni xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazishdan iboratdir.
Professional va havaskor rassomlar, fotograflar ijodiy ishlarida mustaqillik yillarida mudofaa tizimida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari aks ettirilgan.
G‘olib va sovrindorlarga sovg‘alar topshirildi.
Manba: www.gov.uz