«O‘zekspomarkaz»da soliq qonunchiligidagi o‘zgartirishlar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar ish boshladi
«O‘zekspomarkaz» majmuasida soliq va byudjet siyosatining 2017-yilgi asosiy yo‘nalishlari qabul qilingani munosabati bilan soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar o‘z ishini boshladi.
Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etmoqda.
Qo‘mita raisi B.Parpiyev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar milliy iqtisodiyotning izchil rivojlanishi hamda aholi farovonligi oshishida muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga qulay sharoitlar yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliq imtiyozlarini berish va soliq ma’murchiligi samaradorligini oshirish tendensiyasi 2017-yilda ham saqlab qolindi.
2016-yil yakunida qabul qilingan “Soliq va byudjet siyosatining 2017-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarori hamda boshqa bir qator farmon va qarorlarga muvofiq soliq to‘lovchilarga turli yo‘nalishlar bo‘yicha yengilliklar, imtiyozlar yaratildi. Qonun hujjatlariga asosan berilgan imtiyozlar muddati uzaytirildi.
Xizmat ko‘rsatish va servis sohasida faoliyat yurituvchi yuridik shaxslarni foyda va yagona soliq to‘lovi to‘lashdan ozod etish tarzidagi soliq imtiyozlari 12 faoliyat turini, shundan 4 tasi mamlakatimizning barcha hududlarida va 8 tasi qishloq joylarda amalga oshirganlik uchun 2020-yil 1-yanvargacha tatbiq etilishi belgilandi.
Milliy reyestrga kiritilgan dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiquvchilar uchun hamda mamlakatimizda avtomobil sanoatini yanada rivojlantirish maqsadida berilgan soliq imtiyozlarining muddati 2020-yil 1-yanvargacha, ommaviy axborot vositalari tahririyatlari va nashriyotlar uchun berilgan soliq imtiyozlarining muddati 2019-yil 1-yanvargacha uzaytirildi.
Yagona ijtimoiy to‘lovni hisoblash tartiblarini birxillashtirish maqsadida 2017-yil 1-yanvardan boshlab boshqa tadbirkorlik subyektlari uchun belgilangan yagona ijtimoiy to‘lovni har bir xodim uchun oyiga minimal ish haqiga karrali miqdorda hisoblashning amaldagi tartibi chakana savdo, umumiy ovqatlanish va qurilish sohasi korxonalariga ham tatbiq etilishi belgilandi.
Asosiy soliq turlari bo‘yicha stavkalar 2016-yil darajasida qoldi. Jumladan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, yuridik shaxslarning foyda, mol-mulk, yagona yer hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, eksport qiluvchi korxonalar uchun foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi stavkalari va mol-mulk solig‘ining regressiv stavkasini qo‘llash tartibi saqlab qolindi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarning faoliyat turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq stavkalari 2016-yil darajasida saqlab qolinishi barobarida 2017-yilning 1-yanvaridan e’tiboran hunarmandlarga (qonunchilikda belgilangan ro‘yxat bo‘yicha) eng kam ish haqining 0,5 barobari miqdorida qat’iy belgilangan soliqni to‘lash tartibi joriy etildi. Davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratmalar bo‘yicha to‘lovlar stavkalari o‘tgan yil darajasida qoldirildi.
Yurtimizda o‘rtacha turmush darajasi va eng kam ish haqi miqdori oshgani, shuningdek, inflatsiya darajasi inobatga olinib, ayrim soliqlar stavkalari indeksatsiya qilindi.
Soliq ma’murchiligini takomillashtirish va soliq solish bilan bog‘liq boshqa masalalar bo‘yicha Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliq qarzi bir yil mobaynida to‘lanmagan taqdirda qarzni undirishni mol-mulkiga qaratish uchun belgilangan eng kam miqdordan oz bo‘lgan (yuridik shaxslar eng kam ish haqining 20 barobarigacha, jismoniy shaxslar uchun 5 barobarigacha) hollarda ham majburiy undiruvga qaratish tartibi belgilandi.
Notijorat tashkilotlari tomonidan boshqa daromadlari bo‘yicha soliq majburiyatlarini bajarishda turlicha talqin etishlarni oldini olish maqsadida Soliq kodeksining yettita moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Yil mobaynida yagona soliq to‘loviga o‘tayotgan umumbelgilangan soliq to‘lovchilar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan avval topshirilgan yillik hisob-kitob bo‘yicha majburiyatlar qayta hisoblanishi lozimligidan kelib chiqib, Soliq kodeksining uchta moddasiga mazkur hisob-kitoblarni taqdim etish muddatlarini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 29-dekabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, Jinoyat, Jinoyat protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Soliq kodekslari singari 13 qonun hujjatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
2017-yilning 1-yanvaridan boshlab tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilindi. Ayni paytda yuridik shaxslar murojaatiga asosan korxona tugatilayotganida o‘tkaziladigan tekshirishlar saqlab qolindi. Jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilgani holatlari bo‘yicha berilgan murojaatlari asosida faqatgina Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga binoan qisqa muddatli, ya’ni 8 soatdan oshmaydigan tekshirishlar o‘tkazilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.
Moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda tadbirkorlik subyektlari va ularning xodimlari birinchi marta huquqbuzarlik sodir etsa va bu huquqbuzarlik insonning sog‘lig‘i va hayotiga zarar yetkazmasa, u yetkazilgan zararni belgilangan tartibda va muddatlarda ixtiyoriy ravishda qoplasa, ya’ni soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lasa, ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan, jarimalar va moliyaviy sanksiyalardan (penyadan tashqari) ozod qilinadi.
Noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslar huquqbuzarlik aniqlangan kundan e’tiboran bir oy muddatda yetkazilgan zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan, tadbirkorlik subyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va ruxsat etuvchi zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan taqdirda ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi belgilangan.
Shundan kelib chiqqan holda Jinoyat kodeksining 7 ta moddasidagi jinoyat turlari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41 ta, shundan ma’muriy jazo qo‘llash soliq organlari vakolatida 9 ta moddasidagi javobgarlik choralari liberallashtirildi.
Jinoyat kodeksida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslarga nisbatan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jazo tayinlamaslik belgilab qo‘yildi.
Tadbirda soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida to‘lab, soliq qonunchiligiga rioya etib, iqtisodiyotimiz yuksalishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh namunali soliq to‘lovchilar Davlat soliq qo‘mitasining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
14-yanvarga qadar davom etadigan ko‘rgazmali seminarda soliq qonunchiligiga kiritilgan yangiliklar mohiyati maxsus stendlar, bukletlar, videoroliklar, slaydlar va boshqa ko‘rgazmali vositalar, tarqatma materiallar orqali namoyish etilmoqda. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilardan javob olmoqda.
Manba: www.gov.uz