El salomatligiga hissa qo‘shayotganlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 31-oktabrdagi "Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bu sohadagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim huquqiy asos bo‘ldi.
“O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni tizimidagi korxonalarda ishlab chiqarish jarayonini zamonaviylashtirish, xalqaro sifat menejmenti tizimini joriy etish bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Konsern tarkibiga kiruvchi “Radiks” ilmiy ishlab-chiqarish korxonasi 2002-yildan buyon faoliyat olib bormoqda.
Bugungi kunda korxona antibiotiklar, infuziya eritmalari va boshqa 130 turdagi preparatlarni ishlab chiqarayotir. Dori-darmonlar zamonaviy uskunalarda ishlab chiqariladi, tayyorlanayotgan mahsulot sifati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.
Bu yerda ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga oshmoqda va hozirgi kunda 50 milliard so‘mga yetdi. Korxonada tarkibida in’eksion va infuzion dori eritmalari, tabletka va kapsulalar, surtma dori vositalari, suppozitoriylar, antibiotikni quruq qadoqlash va suyuq dori vositalari ishlab chiqaruvchi sexlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
2013-yilda korxonada amalga oshirilgan investitsiya dasturlari samarasida infuzion eritmalar va tabletka dori sexlari modernizatsiya qilindi. Ishlab chiqarishda amalga oshirilayotgan texnologik yangilanishlar zamonaviy, samarali dori turlarini o‘zlashtirish imkonini berayotir. Mazkur korxonada o‘tgan yili ana shunday yangi dori – diklofenak, tiokor kabi in’eksion dorilar, ketoprofen tabletkasi, ampulasi, geli, ambroksol tabletkasi va flyukonazol kapsulasini tayyorlash o‘zlashtirildi va tibbiyot amaliyotiga keng joriy etildi.
Mazkur korxona o‘z mahsulotlarini xorijiy mamlakatlarga eksport qilmoqda. Korxona mutaxassislari eksport hajmi va jo‘g‘rofiyasini kengaytirish maqsadida xorijiy mamlakatlarda o‘tayotgan xalqaro farmatsevtika ko‘rgazmalari va boshqa tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.
Keyingi yillarda farmatsevtika sanoati korxonalarida sifatni boshqarish bo‘yicha menejment tizimini joriy etish yuzasidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturi izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda. Natijada korxona xalqaro ISO 9001 sertifikatiga ega bo‘ldi. “Radiks” ilmiy ishlab-chiqarish korxonasida GMP tizimi joriy etilmoqda. Bu mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, tizimda sifat va samaradorlikni yuksaltirish, xalqimizni sifatli dori-darmon bilan ta’minlash, eng muhimi, eksport hajmini yildan-yilga ko‘paytirish imkonini beradi.
O‘zbekiston bozoriga sifatli dori-darmonlar yetkazib berishdan tashqari, ularni eksport qilish ko‘lami ham kengaytirilmoqda. Korxonada ikkita investitsiya loyihasi amalga oshirilib, to‘rt qavatli yangi inshoot hamda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan – shisha ampula va flakonni to‘lik siklda ishlab chiqarish sexi barpo etildi. Buning natijasida korxona quvvati uch barobarga oshdi, ish o‘rinlari ikki barobarga ko‘paydi. Korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va biologik faol qo‘shimchalar zamonaviy tibbiyotning deyarli barcha sohalari, xususan, endokrinologiya, pediatriya yo‘nalishlari va qator kasalliklarning oldini olishda ishlatiladi. Bu yil yana bir necha turdagi dori vositalarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda o‘sadigan mingdan ziyod turdagi o‘simlikda dorivorlik xususiyati mavjud. Shu bois “Radiks” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasida mahalliy xomashyo asosida biologik faol qo‘shimchalar va tabiiy giyohlardan sifatli dori-darmon, tabiiy shifobaxsh preparatlar ishlab chiqarilayotir. Fundamental va amaliy tadqiqotlar mahsuli bo‘lgan asab kasalliklarida qo‘llaniladigan “galantamin”, kardiologiyada ishlatiladigan “allapinin” preparatlari ham keng miqyosda ishlab chiqarilmoqda. Bugungi kunda korxona mahsulotlari yurtimizning barcha hududlaridagi dorixonalarga yetkazib berilmoqda.
Korxonada 420 nafar ishchi mehnat qilmoqda, uning 30 foizi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilaridir.
Manba: www.gov.uz