Milliy mustaqillik el-yurtimiz uchun jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egallab, huquqiy demokratik va erkin fuqarolik jamiyatini qurish, shu jumladan, hayotning turli sohalaridagi islohotlarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratib, erishilayotgan yutuq va marralarimizning asosiy manbai boʻlib xizmat qilmoqda.
Shuning barobarida Yangi Oʻzbekistonda uchinchi Renessans davriga poydevor qoʻyish yoʻlida tashkil etilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlarda insonni ulugʻlash, uni qadrlash, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat, masʼuliyat tuygʻularini yanada kuchaytirish, har tomonlama erkin, yurtimizni obod va farovon mamlakatga aylantirish taʼkidlab kelinadi.
Bugun Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida boʻlib oʻtgan agentlik va uning tizim tashkilotlari xodimlari ishtirok etgan navbatdagi maʼrifiy suhbatda ham shunday mavzular tilga olindi.
Davra suhbatiga taklif etilgan Toshkent shahar bosh imom-xatibi, Shayx Rahmatulloh Termiziy va texnika fanlari doktori, professor, akademik, Toshkent Davlat texnika universitetining “Fan va taraqqiyot” korxonasi direktori Soyibjon Neʼmatovlar oʻz sohasiga sadoqat bilan xizmat qilish, sohadagi yoshlarni ilmiy tadqiqot ishlariga koʻproq jalb etish, tamagirlik, korrupsiya illatlariga yoʻl qoʻymaslik, halollik mezonlariga koʻra ishlash lozimligi, xuddi shu xislatlar barchani toʻgʻri yoʻlga boshlashi, kamolotga chorlashini alohida taʼkidlashdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida yaqinlashib kelayotgan mustaqillik bayramini munosib tarzda nishonlash, uning mazmun-mohiyatini ochib beradigan tadbirlar va davra suhbatlarini hududlarda tashkillashtirish muhimligi aytib oʻtildi.
Davra suhbati soʻngida xodimlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.