Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH)ga aʼzo davlatlardagi korxonalarning yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishini ragʻbatlantirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek MDH hamda jahon bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlishini taʼminlash maqsadida MDHga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining 2020-yil 29-maydagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq 2 yilda 1 marotaba Mahsulotlar va xizmatlar sifati sohasida erishgan yutuqlari uchun MDH mukofoti (Premii Sodrujestva Nezavisimыx Gosudarstv za dostijeniya v oblasti kachestva produksii i uslug) tanlovi oʻtkazish joriy etilgan.
Tanlov shartiga muvofiq MDHga aʼzo davlatlarga kamida 2 yil davomida mahsulotlarini eksport qilgan va yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarilishini taʼminlagan sanoat, isteʼmol tovarlari, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va hizmat koʻrsatuvchi korxonalar ishtirok etishi belgilangan. Tanlov gʻoliblari diplom bilan taqdirlanadi va sovrin logotipidan 3 yil davomida mahsulotlarini yorliqlashda reklama maqsadlarida foydalanishlari mumkin boʻladi. Joriy yil 18-mart kuni Moskva shahrida MDH Iqtisodiy kengashining navbatdagi 93-yigʻilishida ilk bor Oʻzbekistondan Samarqand viloyatidagi “AGROMIR” korxonasi mahsulot va xizmatlar sifati sohasida erishilgan yutuqlari uchun MDH Mukofoti laureatlari deb topildi. Bugun Agentlik matbuot xizmati tashabbusi bilan hududiy boʻlinma masʼullari hamkorligida mazkur korxona faoliyati bilan tanishilmoqda. OAV xodimlari ishtirok etayotgan mazkur uchrashuvda korxona tomonidan erishilgan yutuqlar va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati yuzasidan maʼlumotlar berilmoqda.