Mazkur bayram arafasida Milliy matbuot markazida OʻzTTSA tizimidagi Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi tashabbusi bilan OAV xodimlari uchun tadbir tashkil etildi. Matbuot anjumanida Oʻzbekistonda akkreditatsiya tizimining rivoji va kelgusidagi ustivor yoʻnalishlari yuzasidan Markaz direktori oʻrinbosari Zayniddin Ahmedov va boshqa masʼullar batavfsil maʼlumot berdilar. Maʼlumki, 9-iyun jahon miqyosida akkreditatsiya kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana har yili nufuzli xalqaro tashkilotlar - Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF) hamda Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish hamkorligi (ILAC) tomonidan maʼlum bir shiorni ilgari surgan holda oʻtkaziladi. Jumladan, 2021-yilda Butunjahon akkreditatsiya kuni “Barqaror rivojlanish maqsadlarining amalga oshishida akkreditatsiyaning oʻrni” shiori ostida oʻtgan edi. 2022-yilning shiori esa “Akkreditatsiya: iqtisodiy oʻsish va atrof-muhit barqarorligi” deya nomlanib, bevosita Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlariga uygʻun va unda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan. IAF va ILAC rahbarlarining birgalikdagi murojaatlarida ham BRMni joriy etishda akkreditatsiya faoliyatining muhimligi alohida taʼkidlab oʻtilgan. Maʼlumot uchun: BMTning BRM dasturi jami 17ta maqsaddan iborat boʻlib, 2015-yil BMT Bosh assambleyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi tomonidan ham ushbu maqsadlarni amalga oshirishga katta eʼtibor qaratilgan. Jumladan, muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish jarayonida barcha sinovlarning xalqaro standartlar talabiga koʻra olib borilishi, bevosita oziq-ovqat, atrof-muhit, ichimlik suvi musaffoligi, sifatli va barqaror shahar hamda aholi punktlarining barpo boʻlishiga koʻmak beradi. Sinovlarning xalqaro talablar asosida oʻtishi nafaqat iqtisodiyotga, shuningdek, turmush tarzi farovonligiga ham bevosita bogʻliq. Akkreditatsiya – oʻz mohiyatiga koʻra ixtiyoriy jarayon. Bugungi kunda mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan muvofiqlikni baholash organlarining 85 foizi xususiy sektor vakillaridir. Ularning soni 347 ta. Shundan 127 tasi sinov laboratoriyasi boʻlsa, mahsulotni sertifikatlash organi 80 ta, qolganlari boshqa faoliyat bilan shugʻullanadi. Alohida qayd etish kerakki, bugungi kunda davlat ushbu turdagi faoliyatni oʻz tasarrufida qoldirishdan emas, koʻproq xususiy sektorni jalb qilishdan manfaatdor. Raqamlar: Akkreditatsiya markaziga 2022-yil boshidan iyun oyiga qadar 65 ta Buyurtma kelib tushgan. Joriy yilning boshidan iyun oyiga qadar Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi tomonidan:
* 63ta sinov laboratoriyalari ISO17025:2019 “Sinov va kalibrlash laboratoriyalarining muvofiqligi boʻyicha umumiy talablar” xalqaro standarti boʻyicha; * 14ta mahsulotlarni sertifikatlashtirish organlari ISO 17065 “Muvofiqlikni baholash. Mahsulotlar, jarayonlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish organlariga qoʻyiladigan talablar” xalqaro standarti boʻyicha;* 3 ta inspeksiya organi ISO17020 “Turli tipdagi inspeksiya organlari faoliyatiga qoʻyiladigan talablar”; * 17ta qiyoslash laboratoriyasi OʻzDST 3444 “Qiyoslash laboratoriyalarining malakaligiga qoʻyiladigan umumiy talablar” standarti boʻyicha akkreditatsiya qilingan. Matbuot anjumani davomida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.