Yoqilg‘i tarqatish kolonkalari metrologik tekshiruvdan o‘tkazilishi kerakmi?
Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida, qanday turga kirishidan qat’iy nazar, ularni yoqilg‘i tarqatish kolonkalari kabi asbob-uskuna bilan jihozlamasdan barqaror, unumli va sifatli ish bo‘lishi mumkin emas. Aynan ushbu jihoz vositasida yoqilg‘i berilishi, uning nazorati, o‘lchanishi va hisobga olish ishlari amalga oshiriladi. Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi statsionar, konteynerli yoki mobil bo‘lsin, ushbu jihozsiz yoqilg‘i quyish shoxobchasining ishini amalga oshirib bo‘lmaydi.
Eng avvalo yoqilg‘i tarqatish kolonkalari ikki turda bo‘lishi, xususan bittalik kolonka, yoki ikkitalik yoqilg‘i tarqatish kolonkasi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlash lozim.
Biroq avtomobillarga yoqilg‘i quyish statsionar shoxobchasining qurilishida uni ikkitalik yoqilg‘i tarqatish kolonkasi bilan jihozlash maqsadga muvofiq. Gap shundaki, ushbu turdagi kolonkalar bir vaqtning o‘zida birdaniga ikkita avtomobilga xizmat ko‘rsatishi mumkin, bu esa avtomobillarga yoqilg‘i quyish vaqtini qisqartiradi va avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida avtomobillar yig‘ilib qolishining oldini oladi. Bundan tashqari, bunday tez xizmat ko‘rsatish vositasida o‘tkazish qobiliyati oshib, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasining daromadiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yoqilg‘i tarqatish kolonkasi AYoQShda o‘rnatish uchun mo‘ljallangan va benzin, dizel yoqilg‘isi va suyuq moylar, shuningdek moylash qobiliyatiga ega boshqa suyuqliklarni hisobga olishga xizmat qiladi. Ishchi harorati: -25 oS dan +55 oS gacha.
O‘zbekiston Respublikasi “Metrologiya to‘g‘risidagi” Qonunining 14-moddasiga muvofiq O‘V davlat reyestriga kiritilgan va davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati tatbiq etiladigan doirada qo‘llanadigan o‘lchash vositalari qiyoslashlararo intervalga asosan o‘rnatilgan tartibda qiyoslovdan o‘tkaziladi.
Tekshiruvdan (qiyoslashdan) o‘tkazilishi lozim bo‘lgan o‘lchash vositalari turkumlarining ro‘yxatiga asosan (Adliya vazirligida 04.05.2016 y. №2782-son bilan ro‘yxatga olingan) yoqilg‘i tarqatish kolonkalarining qiyoslashlararo intervali 6 oyni tashkil etadi.