Joriy yilning 25-27-may kunlari Germaniyaning Federal fizika-texnik instituti (PTB) bilan amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyo mamlakatlarida sifat infratuzilmasini mustahkamlash” loyihasi doirasida Tojikiston Respublikasining “TADJIKSTANDART” agentligi vakillari tashrif buyurdi.
“TADJIKSTANDART” agentligi direktori oʻrinbosari Safarzoda Mansur rahbarligidagi delegatsiya Texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariyati bilan uchrashdi.
Uchrashuv chogʻida standartlashtirish, texnik jihatdan tartibga solish va muvofiqlikni baxolash sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati koʻrib chiqildi.
Uchrashuv davomida mehmonlar eʼtiboriga sohaga joriy etilgan yangiliklar va amalga oshirilayotgan ishlar tushuntirildi.
Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazining laboratoriyalar faoliyati va Oʻzbekiston milliy metrologiya institutining etalonlarni rivojlantirishga qaratilgan laboratoriyalar texnik bazasi bilan yaqindan tanishtirildi.
Institutda milliy etalonlarni saqlash, ulardan foydalanish boʻyicha yaratilgan infratuzilma, ilmiy-sinov va sifat nazorati markazida laboratoriyalardagi shart-sharoitlar xalqaro standartlar va meʼyoriy talablarga mosligi “TADJIKSTANDART” agentligi vakillari tomonidan eʼtirof etildi.
Tadbir yakuniga koʻra, soha yoʻnalishlarda ikkitomonlama koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.
Oʻzbekiston Texnik jixatdan tartibga solish agentligi
Xalqaro xamkorlik boshqarmasi