Soʻnggi yillarda barcha sohalar qatori taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, eng avvalo zamon talablariga mos malakali kadrlarni tayyorlash, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada raqobatbardosh mutaxassislarni yetkazib berish, bu orqali iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy farovonlikni taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti, Buxoro filiali hamda Buxoro muhandislik-texnologiya instituti bilan yaqin hamkorlikda nazariy bilim koʻnikmalarini ishlab chiqarish jarayoni bilan integratsiya qilish maqsadida institut talabalari amaliyotlarini bosqichma-bosqich filialda oʻtkazishlariga keng imkoniyat yaratib berilgan.
Bundan tashqari, “Metrologiya, standartlashtirish va mahsulot sifati menejmenti” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha hamkorlikda institut bilan “OʼLCHASH ASBOBLARINI KONSTRUKSIYALASH” kitobi nashrdan chiqarilib, nazariy bilimlarni oshirishda muhim qoʻllanma hisoblanadi.
Joriy yilning 15-aprel kuni 2021-2022 oʻquv yili talabalari hamda bitiruvchi yosh mutaxassislarni ishga taqsimlash, shartnomalar tuzish va ishga joylashtirish boʻyicha “KARYERA-2022” mehnat yarmarkasi boʻlib oʻtdi. Ushbu yarmarkada Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti, hamda Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi, Buxoro filiali masʼullari ham faol ishtirok etdilar.