Zaʼfaron – sapsardoshlar oilasiga mansub koʻp yillik oʻsimlik. Oʻsimlik fevral-iyul oylarida gullaydi. Zaʼfaronning gul ustunchalarida 50 foizdan ortiq boʻyovchi modda – krotsin yoki polixroit, 2,7 foiz yogʻ, 0,32 foiz efir moylari bor. Zaʼfaronning gul ustunchasi oziq mahsulot sifatida tayyorlanadi. Buning uchun zaʼfaron gulining onalik ustunchasi avaylab qirqib olinib, tezda quritiladi. Zaʼfarondan koʻz tomizgʻilari, turli-tuman dorilar, quvvatbaxsh damlamalar tayyorlanadi. Umuman, xalq tabobatida zaʼfaron yuzdan ortiq kasalliklarni davolashda ishlatiladi.
Mamalakatimizda zaʼfaronni yetishtirish, qayta ishlash, shu jumladan ekish, yigʻish, saralash, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash faoliyati bilan Jizzax viloyatining Baxmal tumanida joylashgan “BMB-OPERA ZAFFERANO” Oʻzbekiston-Italiya qoʻshma korxonasi shugʻullanadi.
Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi, Jizzax filiali tomonidan korxonaga sohaga oid masalalar borasida amaliy yordam koʻrsatildi. Jumladan, bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulot meʼyoriy hujjatlar bilan taʼminlandi, tayyor mahsulot sinovi va sertifikatlashtirildi. Joriy yilda korxonaning 400 ga maydoni xalqaro GLOBAL GAP standartiga muvofiq sertifikatlashtirish ishlarini olib borish rejalashtirilgan.