OʻzTTSA huzuridagi Oʻzbekiston standartlar instituti tomonidan hududlarda xalqaro standartlarni joriy etish, savdodagi texnik toʻsiqlar va mahsulotlarni jahon andozalari asosida muvofiqligini baholashning ahamiyati yuzasidan seminar-trening boʻlib oʻtdi.
Ushbu seminar–trening “UzTest” markazi, Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti, Jizzax filiali hamda Departamentning viloyat boʻlimi hamkorligida tashkil etildi.
Unda yirik va strategik investitsiya loyihalari boʻyicha ishga tushirilgan, mahalliylashtirish dasturi asosida faoliyat yuritayotgan va past quvvatda ishlayotgan korxona vakillari hamda eksportyor korxona masʼullari ishtirok etdilar.
Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalarida tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sohani xalqaro andozalarga moslashtirish, standartlardan keng foydalanish muhitini yaratish, muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy uslublarni joriy qilish maqsadida oʻtgan davrda Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi tomonidan mavjud sinov laboratoriyalarni modernizatsiya qilish hamda yangilarini tashkil etish maqsadida, umumiy qiymati 14,3 mln yevro boʻlgan 600 ga yaqin uskunalar hamda 20 dona avtotransport vositasi xarid qilinib 2 ta yangi sinov laboratoriya tashkil etildi, 9 ta mavjud laboratoriya modernizatsiya qilindi.
Shuningdek, 16 ta hududiy laboratoriyada logistika xizmatlari yoʻlga qoʻyildi.
Tadbirda ishlab chiqaruvchi va tadbirkorlarga mazkur sohalar yuzasidan savollariga javob berildi.