O‘zbekistonda qaysi turdagi tezlikni o‘lchash uskunalari qo‘llaniladi va ulardan foydalanishda qanday me’yorlarga rioya qilish kerak?
O‘zingizdan qolar gap yo‘q, tinch va farovon hayot kechirish insonning ezgu orzu-maqsadlaridan biridir. Buning uchun u kundalik turmushda ham, mehnat faoliyati jarayonida ham joriy me’yorlarga amal qilishi darkor!
Tabiiyki, me’yorlarning ham o‘z asoslari, o‘lchamlari, tegishli qonun va hujjatlari bor. Respublikamizda sohaga oid qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablari asosida faoliyat yurituvchi vakolatli organ esa “O‘zstandart” agentligidir.
“Metrologiya to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga muvofiq, etalonlar, o‘lchov vositalari, sinov vositalari, moddalar va materiallar tarkibi hamda xossalarining standart namunalari, axborot-o‘lchov tizimlari hamda o‘lchovlarni bajarish uslubiyotlari davlat metrologiya tekshiruvi va nazoratining ob’ektlari sanaladi. Tezlikni o‘lchash qurilmalari ham shular sirasiga kiradi va fotoradarlar deb ataladi. Ular tezlikni qayd qilib, bu haqdagi ma’lumotni qayta ishlagan holda o‘z xotirasiga joylashtiradi. Keyingi bosqichda uni monitorga yoki boshqa tasvirni ko‘rsatish qurilmalariga uzatadi. Ma’lumotlar kelib tushgan qurilmalarda esa hech qanday o‘lchash ishlari amalga oshirilmaydi. Shu bois ular davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati ob’ekti hisoblanmaydi.
Hozir yurtimizda “Iskra – 1”, “Iskra – video”, “Iskra – video – 2, “Radis”, “VIZIR”, “VIZIR 2M”, “KRIS”, “AMATA”, “ARENA”, “KORDON” rusumli 10 turdagi tezlikni o‘lchash uskunalaridan foydalanilmoqda. Ularning dasturiy ta’minotiga qo‘yiladigan talablar Yevroosiyo metrologik muassasalari hamkorligi tashkilotining (Euro-asian Corporation of National Metrological Institutions) CООМЕТ R/LM/10:2004 tavsiyanoma hujjatida belgilangan. Unga asosan, o‘lchov vositasi bilan birga kompleks tarzda ishlaydigan normalangan metrologik xususiyatga ega dasturiy ta’minot ko‘rsatish qurilmalari va uzatish tizimlari o‘rtasidagi aloqa tegishli ma’lumotlarning haqiqiyligini va butunligini ta’minlaydigan vositalar yordamida himoyalangan bo‘lishi kerak. Bunday himoya va uning darajasini o‘lchov asbobini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar belgilab berishadi va bu xususdagi ma’lumotlar texnik hujjatlarda qayd etiladi.
Yana bir gap. Normalangan metrologik xususiyatlarga ega bo‘lmagan dasturiy taminot va apparatli komplekslar davlat metrologik tekshiruvi va nazorati ob’ekti bo‘lolmaydi. “O‘zstandart” agentligi tasdiqlagan “Texnika vositalarini o‘lchov vositalari jumlasiga kiritish mezonlari” ayni sohadagi me’yoriy-huquqiydir. U joriy yilning 3 oktyabrida 2829-son bilan Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
“Metrologiya to‘g‘risida”gi Qonunga binoan, davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati tatbiq etiladigan doiralarda foydalaniladigan, ishlab chiqarilishi va import bo‘yicha chetdan olib kelinishi lozim bo‘lgan o‘lchov vositalari davlat sinovlaridan yoki metrologik attestatsiyadan o‘tkazilishi shart. “O‘lchash vositalarini qiyoslash. Asosiy qoidalar” standartining 4.10-bandida uqtirilishicha, qiyoslashning ijobiy natijalari qiyoslash vositalari va usullari joriy qilingan hujjatlarga muvofiq rasmiylashtiriladi va qiyoslash sertifikati bilan tasdiqlanadi. Tezlikni o‘lchash vositalari uchun beriladigan qiyoslash sertifikati “O‘zstandart” agentligi tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, Adliya vazirligida 2016 yil 4 mayda 2782-son bilan ro‘yxatga olingan “Tekshiruvdan (qiyoslashdan) o‘tkazilishi lozim bo‘lgan o‘lchash vositalarining ro‘yxati”ga asosan 1 yil muddatga beriladi.
Albatta, yangidan o‘rnatilayotgan, tezlikni o‘lchash funksiyasiga ega bo‘lgan foto va video qayd etish qurilmalarining davlat reyestriga kiritilishini ta’minlash, avtotransportlar tezligini o‘lchash vositalarining o‘z vaqtida qiyoslashdan o‘tkazilishiga erishish muhim ahamiyatga ega. Binobarin, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bu masalaga alohida e’tibor qaratsalar, foydadan xoli bo‘lmasdi. Haydovchilar esa yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishlari, tezlikni belgilangan me’yorilan oshirmasliklari kerak!