Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi Oʻzbekiston milliy metrologiya institutida boʻlib, zamonaviy laboratoriyalar, etalonlar bazasi hamda xodimlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, institut rahbarlari va ilmiy xodimlari bilan suhbatlashdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktori Dilshod Sattorov ishtirok etdi.
Suhbat chogʻida respublikamizdagi ilmiy laboratoriyalarni standartlashtirish, olimlar tomonidan yaratilayotgan mahsulotlarning standartlarga mosligi, ularni akkreditatsiyadan oʻtkazish masalalari boʻyicha fikr almashildi.
I. Abdurahmonov Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy loyihalarga ajratilgan grantlar hisobidan tadqiqot natijalarining standartlashtirish, shu yoʻnalishda yuzaga keladigan masalalarni hal etish maqsadida Oʻzbekiston milliy metrologiya institutining kichik ilmiy-texnik kengashini tashkil etish taklifini berdi. mazkur kichik ilmiy-texnik kengash sohaga doir masalalarni fan yoʻnalishlaridagi ilmiy-texnik kengashlar bilan birgalikda koʻrib chiqishi mumkinligi qayd etildi.
Shuningdek, institut yosh olimlarini xorijiy yetakchi ilmiy muassasalarga stajirovkalarini tashkil etish masalasi ham koʻtarildi. Oʻtgan stajirovka tanlovlarida muvaffaqiyatli oʻtgan institut xodimlarini chet elga yuborish ishlarini tezlashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan “English for Science” akademik ingliz tili kurslarida oʻqish uchun institutning 10 nafar yosh olimlarini saralab olish olishga kelishildi.
I. Abdurahmonov va D. Sattorov Oʻzbekistonni “yashil iqtisodiyot”ga oʻtkazish tamoyillarining standartlashtirish boʻyicha hamkorlikda faoliyat olib borishga kelishib oldilar. Tomonlar mazkur hamkorlik va uning natijasi kelgusida Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlarni eksport salohiyatini kengaytirishini qayd etdilar.