Isssiq va sovuq suv hisoblagichlarni qiyoslash lozimmi?

 

“MXKM” DK 08-bo‘lim 1 toifali mutaxassisi

Inagamdjanov D.T.

 

O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati tatbiq etiladigan doiralarda (qonunning 14-moddasida ko‘rsatilgan) foydalaniladigan, ishlab chiqarilishi va import bo‘yicha chetdan olib kelinishi lozim bo‘lgan o‘lchov vositalari davlat sinovlaridan (keyinchalik ularning turini tasdiqlash sharti bilan) yoki metrologik attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati tatbiq etiladigan doiralarida foydalaniladigan o‘lchash vositalari metrologik tekshiruvdan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat reyestriga kiritilgan hamda davlat metrologik tekshiruvi va nazorati tatbiq etiladigan doiralarda qo‘llanilib kelinayotgan issiq va sovuq suv hisoblagichlar (keyingi o‘rinlarda “suv hisoblagichlar” deb yuritiladi) davriy qiyoslash o‘tkazilganidan so‘ng foydalanishga yo‘l quyiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 4 mayda 2782-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Tekshiruvdan (qiyoslashdan) o‘tkazilishi lozim bo‘lgan o‘lchash vositalari turkumlarining ro‘yxati”ga muvofiq suv hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish oralig‘i jismoniy shaxslar uchun 4 yilda 1 marta, yuridik shaxslar uchun esa 2 yilda 1 marta tashkil qiladi.

Suv hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish uchun yechish. Hududiy suv ta’minoti korxonasi suv hisoblagichlarni qiyoslash muddati tugashidan o‘ttiz kun oldin iste’molchini davriy qiyoslashdan o‘tkazish zarurligi haqida ogohlantirish uchun mas’uldir.

Iste’molchi suv hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish uchun uni yechishni so‘rab hududiy suv ta’minoti korxonasiga ariza bilan murojaat qiladi. Hududiy suv ta’minoti korxonasining mutaxassisi arizaga asosan suv hisoblagichni qiyoslashdan o‘tkazish uchun iste’molchi ishtirokida yechib oladi va ikki nusxada yechib olinganligi to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtiradi. Dalolatnomaning bir nusxasi suv hisoblagich bilan birga iste’molchiga taqdim etadi.

Iste’molchining xohishiga ko‘ra uni suv tarmog‘iga suv hisoblagichisiz ulaydi yoki vaqtincha tarmoqdan uzib qo‘yadi. Iste’molchi suv hisoblagichisiz suv tarmog‘iga ulangan taqdirda, foydalanilgan suv uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda to‘lov amalga oshiriladi.

Suv hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish uchun topshirish, qiyoslash va ta’mirlash. Iste’molchi suv hisoblagichini va suv hisoblagichining yechib olinganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma nusxasini qiyoslashdan o‘tkazish uchun davlat metrologiya xizmati organiga topshiradi. Suv hisoblagichni qiyoslashdan o‘tkazish uchun qabul qilinganda, manfaatdor shaxs va davlat metrologiya xizmati organi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan uch kun ichida qiyoslashdan o‘tkaziladi.

Suv hisoblagichini qiyoslashdan o‘tkazish natijasi ijobiy bo‘lgan taqdirda yaroqli deb topiladi va qiyoslashdan o‘tkazilganligi haqida sertifikat rasmiylashtrilib, hisoblash mexanizmi va sozlash elementiga tashqi ta’sirlar qilinishini oldini olish maqsadida davlat metrologiya xizmati organi tomonidan plombalanadi.

Suv hisoblagichini qiyoslashdan o‘tkazish natijasi salbiy bo‘lgan taqdirda, suv hisoblagichi foydalanishga yaroqsiz deb topiladi va yaroqsizligi haqida xabarnoma beriladi.

Suv hisoblagichi yaroqsiz deb topilgan taqdirda, iste’molchi uni ta’mirlash uchun ta’mirlash tashkilotlariga topshirishi yoki O‘zbekiston Respublikasi O‘lchov vositalari davlat reyestriga kiritilgan va qiyoslashdan o‘tkazilgan boshqa suv hisoblagichlaridan foydalanishi mumkin. Suv hisoblagichlarini ta’mirlash tashkiloti tomonidan texnik tekshiruvdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha ikki nusxada dalolatnoma tuziladi va uning bir nusxasi iste’molchiga beriladi.

Davlat metrologiya xizmati organining mas’ul xodimi ta’mirlangan suv hisoblagichlarni ta’mirlashdan so‘ng qiyoslashdan o‘tkazadi, qiyoslash natijasi ijobiy bo‘lgan taqdirda, yaroqliligi haqida sertifikat rasmiylashtiradi va plombalaydi.

 

Qiyoslashdan o‘tkazilgan suv hisoblagichlarini o‘rnatish. Iste’molchi qiyoslashdan o‘tkazilgan suv hisoblagichlarni o‘rnatish uchun tegishli hududdagi suv ta’minoti korxonasiga ariza bilan murojaat qiladi. Tegishli hududdagi suv ta’minoti korxonasining mutaxassisi suv hisoblagichlarini o‘rnatishdan oldin uning qiyoslashdan o‘tkazilganligi haqidagi sertifikatning mavjudligi va plombalarining butligini tekshiradi.

Tegishli hududdagi suv ta’minoti korxonasi mutaxassisi suv hisoblagichlarni o‘rnatgandan so‘ng, iste’molchini suv tarmog‘iga ulash shtutserlarini plombalaydi va ikki nusxada suv hisoblagichlarni o‘rnatilganligi haqida dalolatnoma tuzadi hamda dalolatnomaning bir nusxasini iste’molchiga taqdim etadi.

Suv hisoblagichlar o‘rnatilgandan so‘ng, ro‘yxatga olinadi va foydalanilgan suv suv hisoblagichlarning ko‘rsatkichiga muvofiq hisoblanadi.