Bu yil buyuk sarkarda hamda davlat arbobi Amir Temur tavalludining 685-yilligi keng nishonlanib, yil davomida sarkarda xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazib kelindi. Huddi shunday tadbirlardan Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Qashqadaryo viloyati hududiy filiallari hamkorlikda “Amir Temur — Ikkinchi Renessans homiysi” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Unda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi vakili, Qarshi davlat universiteti dotsenti, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori PhD Gʻ.X.Karomov oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdilar. Muloqotning asosiy mavzusi oʻzbek davlatchiligining tarixan shakllanishiga Amir Temur qoʻshgan buyuk hissa, uning siyosiy, diplomatik faoliyati bilan bogʻliq jihatlar haqida boʻldi.

Gʻ.Karomov Vatanimiz tarixining ikkinchi Renessansi Amir Temur va temuriylar davriga toʻgʻri kelishi, ushbu davrda Sohibqiron markazlashgan davlat tizimini yaratganligi, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, fan va madaniyat ravnaqiga juda katta eʼtibor qaratganligi, natijada shaharsozlik, meʼmorchilik, ilm-fan, madaniyat va sanʼat sohalari jadal rivojlanganligi, xalqaro savdo va diplomatik aloqalar faollashgani haqida batafsil maʼlumot berdi. Taʼkidlash lozim, bu davrda oʻlka dunyoning eng buyuk siyosiy, iqtisodiy, madaniy markaziga aylandi.

Maʼruzachilar buyuk sarkardaning davlatchilik va diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorlik, ilmu fan, sanʼat va meʼmorchilikka oid qarashlari, hayot, ezgu amallar haqida bildirgan fikrlari, har bir masalada yetti oʻlchab, el manfaatini oʻylab ish tutish bilan bogʻliq ibratli fazilatlari yoritilgan “Temur tuzuklari” asari boʻyicha “Siz Amir Temurni bilasizmi” mavzusida xodimlar bilan viktorina oʻtkazdilar.

Ochiq muloqot tarzida kechgan tadbirda ishtirokchilar Amir Temur hayoti va faoliyatiga oid oʻzlarini qiziqtirgan savollarga ham atroflicha javob oldilar.