Oʻzbekiston milliy matbuot markazida “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi hamda Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamkorligida “Aholini xavfsiz va sifatli yogʻ-moy mahsulotlari bilan taʼminlash – dolzarb masala” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Aholining oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanish darajasi mamlakat farovonligini taʼminlash bilan birga iqtisodiyotning rivojlanishini belgilab beruvchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Shu bois yogʻ-moy mahsulotlarining sifati va xavfsizligi masalasiga ustuvor vazifalarimizdan biri sifatida qaramoqdamiz.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda “Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati” mutaxassislaridan iborat tarkibda Ishchi guruhlari tashkil etildi va yogʻ-moy korxonalarida nazorat tadbirlari oʻtkazildi. Bugungi kun holatiga koʻra, 514 ta korxonada tekshirishlar yakunlandi. Texnik chigitni qayta ishlashga ixtisoslashgan 303 ta yogʻ-moy korxonasining 82 tasi paxta texnik chigitini qayta ishlash uchun belgilangan talablarga muvofiq faoliyat yuritayotgani aniqlandi. Afsuski, 221 ta korxonada paxta chigitini qayta ishlash boʻyicha belgilangan talablar bajarilmagan.

Amaliyotga tadbiq etilayotgan mazkur tizim – paxta chigitini toʻliq siklda qayta ishlash quvvatlariga ega boʻlgan korxonalarga birja savdolari orqali sotish ekstraksiya usulida xom ashyoni texnologik jihatdan chuqur qayta ishlash imkonini beradi. Shuningdek, aholiga amaldagi standart talablariga javob beradigan, sifatli oʻsimlik moyi yetkazib berilishini taʼminlaydi.

Faol investitsiya siyosatining yuritilishi natijasida har yili 34,0 million dollar miqdorida import oʻrnini qoplash, qoʻshimcha ravishda yiliga 10 ming tonna soya izolyati, 6,0 ming tonna margarin, 4,0 ming tonna oʻsimlik moyi, 200 tonna litsitin ishlab chiqariladi va tarmoqning eksport salohiyati 5-65-75 foizga oshadi hamda 3090 tadan ortiqroq yangi ish oʻrinlari barpo qilinadi. Mavjud korxonalarni zamonaviy, energiyasamarador texnologiyalar, uskuna va jihozlar orqali modernizatsiyalash borasida keng koʻlamli ishlar olib boriladi. Mazkur chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yogʻ-moy mahsulotlarining nafaqat hajmini oshiradi, balki sezilarli daraja sifatini yaxshilaydi.

Tadbir soʻnggida ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berildi.