OʻzTTSA va tizim tashkilotlari va hududiy filiallarida “Yuksak maʼnaviy-axloqiy tarbiya bilan jaholatga qarshi kurashish lozim” shiori asosida maʼrifiy uchrashuvlar oʻtkazib kelinmoqda. Shunday tadbirlarning navbatdagisi Qashqadaryoda oʻtkazildi.
Uchrashuvda yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ularni giyohvandlik, axloqsizlik, “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi xatarlardan asrab-avaylash, korrupsiyani oldini olish va bu borada milliy qadriyatlarimizning oʻrni muhimligi haqida soʻz yuritildi.
Yoshlar ongida ona Vatanimizga boʻlgan muhabbat, qadimiy tariximizga, ota-bobolarimiz kabi oʻz dinimizga sadoqat tuygʻularini yanada shakillantirish, kelajak avlodlarga yetkazish, ularning ongida va qalbida mafkuraviy, maʼnaviy immunitetni kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Tadbirda Agentlik Bosh direktorining maslahatchisi N.Mamadaliyeva ishtirok etib, insoniyat qadim-qadimdan jaholatga, bidʼat va xurofotga qarshi maʼrifat bilan kurashganligi, bu esa amaliyotda ijobiy natijalarini berganligi, maʼrifat va maʼnaviyatga tayanib ish koʻrish xayrli ekanligiga yana bir bor eʼtibor qaratildi.