Doniyor Hamidov Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti Fargʻona filialining yosh, izlanuvchan va fidoyi mutaxassislaridan sanaladi. U oʻzining ilmiy izlanishlari bilan nufuzli xalqaro anjumanlarda faol ishtirok etib keladi. Yaqinda Doniyor Hamidovning “Oʻzbekiston Respublikasining standartlashtirish davlat tizimi Fargʻona viloyati misolida” nomli chuqur tahliliy maqolasi “EPRA” xalqaro koʻp tarmoqli tadqiqotlar jurnalida ingliz tilida eʼlon qilindi (http://eprajournals.com/certificate-downloader.php).
“EPRA” jurnali dunyoga oʻz bilimlarini baham koʻrish uchun ilmiy munozara maydoni deyish mumkin. Bu jurnalda butun dunyodagi olimlarning tadqiqot ishlari berib boriladi. Uning standartlaridan biri ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlashdir.
Bundan oldin Doniyor Hamidov joriy yilning 24-25-iyun kunlari Namangan muhandislik-texnologiya institutida “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan avtomatlashtirish va energetika muammolarni yechishda ilgʻor innovatsion texnologiyalar va taʼlimni oʻrni” mavzusida boʻlib oʻtgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etgan edi. Anjuman yakunida ishtirokchilar materiallari toʻplami nashr qilinib professor-oʻqituvchilar, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar, magistrantlar hamda talabalar eʼtiboriga havola qilingan. Bu xalqaro anjuman toʻplamida ham Fargʻona filiali metrologi Doniyor Hamidovning “Namunaviy sarf hisoblash uskunalarining
avtomatiklashtirilgan modellarini bugungi kundagi qulayliklari” nomli maqolasi chop etilgan edi.
Doniyor ayni paytda ham metrologiya sohasidagi izlanishlarini davom ettirmoqda. Institut jamoasi unga omad tilaydi.