Matbuot anjumani davomida “UzTest” davlat muassasasi tomonidan tadbirkorlik subyektlariga qulaylik yaratish va amaliy yordam koʻrsatish maqsadida, 2021-yil davomida texnik jihatdan tartibga solish, mahsulotlar muvofiqligini baholash sohasini rivojlantirish, imkoniyati yoʻq mahsulotlar sinovlarini tashkil etish hamda maʼnan eskirgan laboratoriya uskunalarini modernizatsiya qilish hamda xodimlar malakasini oshirish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishtirokchilar eʼtiboriga havola qilindi.
- “UzTest” davlat muassasasi masʼullari tomonidan berilgan bayonotda qayd etilishicha, texnik vositalarning elektromagnit mosligini aniqlash yuzasidan qiymati 4,2 mln dollar boʻlgan laboratoriya ishga tushirilgan. Respublika hududiga olib kirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan elektrotexnika mahsulotlarining elektromagnit moslashuvchanlik boʻyicha xavfsizlik koʻrsatkichlari sinovi yoʻlga qoʻyildi hamda 2 315 turdagi mahsulotlar sinovlari oʻtkazilib, 975 ta sinov bayonnomalari rasmiylashtirilgan.
- Bugungi kunda Namangan viloyati “Yuksalish” kichik sanoat zonasida 5 ta sinov laboratoriya tashkil etish maqsadida, 0,4 gektar yer ajratilib, laboratoriya binosini kurish yuzasidan loyiha eskiz hujjatlari tayyorlandi. Kichik sanoat zonasi hududida polimer, yengil sanoat, elektr texnikasi, kimyo va qurilish mahsulotlarini xalqaro talablar sinash laboratoriyasi tashkil etiladi. Loyiha boʻyicha harid qilinadigan sinov uskunalari va oʻlchash vositalari roʻyxati (133 ta uskuna) shakllantirilib, uskunalarning texnik topshiriqlari ishlab chiqilganligi tadbir qatnashchilari eʼtibor markazida boʻldi.
- Spikerlardan biri, Korzinka.Uz savdo tarmogʻi oʻrinbosari Alisher Toʻrayev “Oziq-ovqat mahsulotlari sifat haftaligi” davomida Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar boʻyicha batafsil toʻxtalib, isteʼmolchilarga xavfsiz va sifatli mahsulotlar yetkazib berish borasida ushbu hamkorlik masalalari yanada kengaytirilishini bildirdi.
Soha yuzasidan berilgan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga sinov laboratoriyalarini xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilinganligi, xodimlar malakasini oshirish va xalqaro hamkorlik aloqalar tarmoqlarini kengayotirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar misolida atroflicha javob qaytarildi.