Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va uning idoraviy mansub tashkilotlarida, jumladan, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi, Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi, Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi hamda Texnik jihatdan tartibga solish agentligida faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar bilan uchrashuv oʻtkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlumotiga koʻra, vazirlik faoliyati samaradorligini oshirish masalalari, uning oldida turgan dolzarb vazifalar, korporativ siyosat, xodimlar malakasini oshirish va yosh xodimlarni ragʻbatlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ochiq muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvda vazirlikning korporativ madaniyatini shakllantirish, yoshlarni tashvishga solayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratish hamda tashkilotning tajriba va qadriyatlar davomiyligini taʼminlash maqsadida tarkibiy boʻlinmalarida turli yoshdagi xodimlar birgalikda faoliyat yuritishining muhimligi taʼkidlandi.
Vazirlik rahbariyati turli tuzilmalarda ishlash hamda vazifalarni tezkor va sifatli hal etish uchun zarur boʻlgan kasbiy mahorat va shaxsiy fazilatlarni ishlab chiqish boʻyicha shaxsiy tajribasi, shuningdek, turli darajalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish usullari bilan oʻrtoqlashdi. Ish jarayonida tizimli va muvofiqlashtirilgan yondashuvni qoʻllash, jamoa boʻlib fidokorona ishlashning zarurligi qayd etildi.
Tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksportyorlar bilan bevosita ishlash, mahallalar bilan faol hamkorlik qilishgaga alohida eʼtibor qaratildi. Yosh mutaxassislarga davlatimiz rahbarining “mahallabay” tizimida samarali ishlarni tashkil qilish boʻyicha yangi tashabbuslarini amalga oshirishda ishtirok etish hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi biriktirilgan 41 ta tumandan oʻziga maʼqulida hokim yordamchisi – mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi sifatida oʻz kuchlarini sinab koʻrish taklif etildi. Hududlarda ishlash tajribasi foydali bilimlarga ega boʻlish, joylardagi iqtisodiy ahvolni har tomonlama oʻrganish, tadbirkorlarni amaliy qoʻllab-quvvatlash hamda mavjud masalalarni hal etish uchun turli idoralar bilan ishlashni oʻrganish imkonini berishi taʼkidlandi.
Vazirlikda tashkil etilgan Yoshlar kengashi faoliyatini takomillashtirish taklif etildi. Bunda asosiy urgʻu yosh xodimlar oʻz fikr va takliflari bilan oʻrtoqlashish, ish jarayonida yuzaga keladigan masalalarni, shuningdek, Vazirlik amaliy yordam berishi mumkin boʻlgan muammolarni bildirish uchun doimiy faoliyat koʻrsatadigan platforma yaratishga beriladi.
Uchrashuv ishtirokchilari ish faoliyati samaradorligini oshirish, korporativ madaniyatni rivojlantirish hamda vazirlik tarkibiy boʻlinmalari va uning quyi tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha oʻz gʻoya va takliflarini bildirish imkoniga ega boʻldilar. Koʻtarilgan masalalar va takliflar koʻrib chiqish uchun qabul qilindi.