Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi 2021-2022-yillarda yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlar (markazlar, universitetlar va boshqalar) ga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish boʻyicha oʻtkazilgan ikkinchi bosqich saralash tanlovlar natijalarini eʼlon qildi.
“Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish tartibi toʻgʻrisida” Nizomga va Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Maxsus ekspert guruhining hamda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Kuzatuv kengashining tegishli qarorlariga asosan tanlovda gʻolib deb topilgan 101 nafar yosh olimlar qatorida Oʻzbekiston milliy metrologiya institutining 3 nafar yosh, metrolog olimlari ham bor.
Institut mutaxassisi Nishonov Voxobjon Xamidulla oʻgʻli ham gʻolib boʻlib, u “Verlab” ltd Tibbiyot oʻlchash vositalarini qiyoslash laboratoriyasi (Bosniya va Gersegovina)da uch hafta davomida ilmiy stajirovka oʻtashi belgilandi.
Navbatdagi mutaxassis Raxmanova Nozima Ravshanovna Turkiya milliy metrologiya institutida metrologiya yoʻnalishida malaka oshirib qaytadi.
Ulugʻbek Panjiyev Ukrainaning Dnepr metrologiya standartlashtirish va sertifikatlashtirish ilmiy- ishlab chiqarish markazida malaka oshirishga yoʻllanma oldi. Institutning bu 3 nafar yosh olimi tanlovda xorijiy tillarni oʻzining ish faoliyatini amalga oshirishda zarur boʻlgan darajada bilishi va qoʻllay olishi, stajirovka maqsad va vazifalarining dolzarbligi hamda ilmiy yoki iqtisodiy samaradorligini yoritib bera olganligi, stajirovkaning oliy taʼlim yoki ilmiy tashkilotning yoʻnalishlari, ehtiyojlari va talablariga mosligi boʻyicha yuqori ballar bilan gʻoliblar safidan oʻrin olishdi.