Zaminimiz oftobiga toʻyinib, pishib yetilgan sarxil noz-neʼmatlar gʻoyat mazali va foydali darmondorilarga boy. Ularni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijliklar ham birdek sevib isteʼmol qiladi. Shu bois meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, quritish va qadoqlash boʻyicha yangi quvvatlarni ishga tushirish va bu yoʻnalishdagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha mamlakatimizda samarali ishlar olib borilmoqda.
Tadbirkor Zuhriddin Hoshimovning bildirishicha, korxona 2017-yilda tashkil etilgan boʻlib, eksport boʻyicha Rossiya, Angliya ishbilarmonlari bilan dastlabki shartnomalar imzolashga erishgan. Bugungi kunda 0,5 gektar maydonda 2,500 tonnalik sovutgich omborida agroklaster mahsulotlarini eksportga tayyorlayotgan ushbu korxonaga “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi tomonidan koʻrsatilgan amaliy yordam natijasida limon mahsulotlari uchun xalqaro “GLOBAL G.A.P” sertifikatini olishga erishildi.
Buning natijasida “VALLEY FRUITS” korxonasi limon mahsulotlarini Yevropa bozorlariga hech qanday toʻsiqlarsiz eksport qilish imkoniyatiga ega boʻldi.