Har bir xalqning shoirlari, yozuvchilari oʻsha millatning ruhini, or-nomusi va gʻururini, uning ovozini oʻzida namoyon etadi. Chinakam isteʼdod egasi boʻlgan haqiqiy ijodkorning har qanday sharoitda - rohat-farogʻatli davrlarda ham, mashaqqatli damlarda ham qoʻliga qalam olishi koʻplar tomonidan takrorlangan.
Isajon Sulton bu haqiqatni isbotlagan uncha koʻp sonli boʻlmagan adiblardan biridir. Uning ijod yoʻli anchagina oʻziga xos. Yozuvchi 90 yillarning boshlarida moʻjazgina kitobchasi - “Oydinbuloq” bilan koʻzga tashlanib, adabiy davralarni oʻziga qaratgan. “Genetik”, “Ozod”, “Boqiy darbadar”, “Pushtirang maxluqcha”, “Qismat” kabi asar va hikoyalari adabiyot ixlosmandlarining sevimli asarlariga aylanish bilan bir qatorda chet tillarga tarjima qilinib, tanlovlarda gʻolib boʻlgan. Uning shu yili nashr qilingan “Alisher Navoiy” romani ham qisqa muddatlarda koʻpchilik kitobxonlarning sevimli kitobiga aylanib ulgurdi. Mustaqillik bayrami arafasida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Isajon Sultonga Oʻzbekiston xalq yozuvchisi unvoni berildi.
Taniqli yozuvchi Isajon Sulton bilan “Adiblar xiyoboni”da davra suhbati tashkil etildi. Ijodiy uchrashuvda ijodkorning hayot yoʻli haqidagi hikoyalar, badiiy voqeyliklar tinglandi. Badiiy manzaralarga boy boʻlgan uchrashuvda yozuvchi “Adiblar xiyoboni”dan oʻrin olgan oʻzbek adabiyoti yorqin vakillarining hayoti va ijodi xususida soʻz yuritib, oʻzbek tili rivojiga ulkan hissa qoʻshgan mutafakkirlarning fidokorona mehnatlarini alohida eʼtirof etdi. Qizgʻin suhbat davomida xodimlar ulkan taassurotlarga ega boʻlib qaytdilar.